Mehnat kodeksida aynan dual ta’lim asosida o‘qiyotgan xodimlar mehnati tartibga solinmaydi. Biroq shunga yaqin ishlab chiqarish taʼlimi shartnomasi haqida kodeksda maxsus 22-bob bor.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 16-yanvardagi “Oliy taʼlim tizimida dual taʼlimni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 14-son qaroriga asosan, korxonalarga talabalarni mehnat qonunchiligi asosida ishga qabul qilish majburiyati yuklangan. Talabalar esa korxonadagi mehnat va jamoat ishlarida qatnashish huquqiga ega.
Qaror bilan kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi uch oy muddatda mehnat qonunchiligiga dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan talabalarning faoliyatini tartibga solish, shu jumladan, talabalar va biriktirilgan amaliyot rahbari (ustoz)ning maqomi hamda ish vaqti davomiyligini belgilashga oid oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish vazifasi belgilangan.
Avvalroq, Toshkent davlat yuridik universitetida klinik va dual ta’lim tamoyili asosida ta’lim olish tizimi joriy etilishi haqida xabar bergan edik.
