O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 27.02.2023 yildagi PQ-74-son qarorida, abituriyentlar uchun mo‘ljallangan qabul tartibiga oid ma’lumotlar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay formatda bo‘lishi ya’ni, videoroliklar surdotarjima yoki subtitrlar bilan namoyish etilishi belgilangan.
Bilimni baholash agentligi OTM larga kirishda nogironligi bor shaxslarga beriladigan imtiyozlar haqida ma’lumot berdi. Unga ko‘ra:
– I, II va III guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda nogiron bolalar test sinovi uchun to‘lovdan ozod etiladi;
– I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda nogiron bolalar qo‘shimcha ikki foizli davlat granti kvotalari doirasida talabalikka tavsiya etiladi;
– ko‘zi ojiz abituriyentlar uchun oliy ta’lim muassasalari tomonidan maxsus imtihon tashkil etiladi;
– imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan ko‘zi ojiz abituriyentlar Davlat komissiyasi qarori asosida tanlovsiz, alohida ajratilgan o‘rinlarga davlat granti asosida qabul qilinadi;
– nogironligi bo‘lgan talabalar uchun qo‘shimcha ikki foizli davlat granti kvotalari ajratiladi. Ushbu davlat granti har bir ta’lim shakli bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari kesimida belgilanadi va abituriyentlar tomonidan tanlangan 5 ta OTM uchun ham o‘rinli hisoblanadi;
Grant asosidagi 2 foizlik kvota doirasida talaba bo‘lish uchun abituriyent belgilangan maksimal ballning kamida 30 foizini to‘plashi kerak.
Ya’ni, ajratilgan kvota doirasida abituriyent to‘plagan balli bo‘yicha yuqori o‘rinda bo‘lib, ammo uning bali maksimal ballning 30 foizidan kam bo‘lsa, unda abituriyent bu imkoniyatdan foydalana olmaydi.
Bundan tashqari, nogironligi bor fuqarolarga “Maxsus pedagogika, defektologiya” yo‘nalishida magistratura uchun to‘liq davlat granti beriladi.
Shuningdek, Prezidentning maxsus qarorida, imkoniyati cheklangan abituriyentlarga o‘qishga qabul jarayonlarida beriladigan imtiyozlar bilan bir qatorda, talabalarga o‘qish jarayonida ko‘maklashish uchun uning yaqinlaridan biri OTMda birga bo‘lish imkoniyati ham berilgan.