O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida joriy o‘quv yilida 65 ming 335 nafar magistrant tahsil olmoqda. Ulardan 42 626 nafari ayollar (65,24%), 22 711 nafari esa erkaklarni (34,76%) tashkil etadi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, magistratura talabalari tarkibida yoshlar ulushi yuqori — 49 mingdan ortiq magistrant 30 yoshdan kichik, 30 yoshdan kattalar 16 mingdan ziyod.
Ta’limni moliyalashtirish shakli bo‘yicha magistrantlarning asosiy qismi kontrakt asosida o‘qiyotgani qayd etilgan. Xususan,
– 50 197 nafar talaba to‘lov-kontrakt;
– 15 138 nafar talaba davlat granti asosida tahsil olmoqda.
Magistrantlar tarkibida 44 024 nafar talaba 1-kursda, 20 757 nafari 2-kursda, 553 nafar talaba esa 3-kursda tahsil olmoqda.
Fuqarolik bo‘yicha taqsimotda esa mahalliy talabalar ancha ustunlik qiladi. Hozir OTMlarning magistratura bosqichida:
– 64 756 nafar O‘zbekiston fuqarosi;
– 579 nafar xorijiy davlat fuqarosi ta’lim olmoqda.
Statistikaga ko‘ra, ular orasida yashash joyi bo‘yicha 29 476 nafar talaba o‘z uyida, 28 030 nafari yotoqxonada, 7 047 nafari esa ijarada istiqomat qilmoqda.
Ta’lim shakli bo‘yicha magistratura talabalari orasida kunduzgi bo‘lim yetakchilik qiladi:
– 59 374 nafar — kunduzgi;
– 1 187 nafar — kechki;
– 2 509 nafar — sirtqi;
– 1 063 nafar — masofaviy shaklda o‘qimoqda.
Ma’lumotlar real vaqt rejimida HEMIS axborot tizimidan olinmoqda.
Avvalroq, O‘zbekiston OTMlarining bakalavriat bosqichida qancha talaba tahsil olayotgani haqida xabar bergan edik.






