Kasb-hunar kollejida olingan toifa sertifikati maktabgacha taʼlim tashkilotlarida oʻtmaydimi?

Kasb-hunar kollejida olingan toifa sertifikati maktabgacha taʼlim tashkilotlarida oʻtmaydimi?

Savol: Assalomu alaykum. Men 2023-yilda pedagogika kollejida yetakchi oʻqituvchi toifasini oldim. yaqinda kollej tugatildi va men bogʻchaga direktor oʻrinbosarligi lavozimiga ishga qabul qilindim. Lekin ushbu navbatdan tashqari toʻlov qilib olgan toifam oʻtmas ekan. Buxgalteriyani aytishi boʻyicha men direktor oʻrinbosari degan toifa olishim kerak ekan. Shunda meni olgan toifalarim bekor boʻladimi? Maktabgacha taʼlim tashkilotlariga oʻtmaydimi?

 

Javob: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-son qaroriga 1-ILOVA sifatida tasdiqlangan «Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida«gi nizomning 17-bandida keltirilishicha, pedagog kadrlarning malaka toifalari (lavozimlari) boshqa taʼlim tashkilotlariga, taʼlim tashkilotlarining bir turidan boshqasiga yoxud nodavlat taʼlim tashkilotidan davlat taʼlim tashkilotiga ishga oʻtganda saqlab qolinadi.

 

Bunda maktabgacha, umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarining ikkinchi malaka toifasi —oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarining katta oʻqituvchisi lavozimiga, birinchi malaka toifasi — yetakchi oʻqituvchisi lavozimiga, oliy malaka toifasi — bosh oʻqituvchisi lavozimiga tenglashtiriladi.

 

Yuqoridagi qoidaga asosan sizni pedagogika kollejida olgan yetakchi oʻqituvchi toifangiz maktabgacha taʼlim tashkilotida 1-toifa sifatida tan olinadi. Yuqoridagilarni inobatga olib, sizga birinchi toifali pedagog sifatida haq toʻlanishi kerak.

 

Avvalroq, 3 yoshga toʻlmagan farzandi bor pedagoglar attestatsiyaga jalb qilinmasligi haqida xabar bergan edik.