Endi TDYU yuqori kurs talabalari ish yurituvchi va yuriskonsult yordamchisi sifatida ishlashi mumkin

Endi TDYU yuqori kurs talabalari ish yurituvchi va  yuriskonsult yordamchisi sifatida ishlashi mumkin

Xabar berganimizdek, 2025-yil 26-noyabr kuni “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–232-sonli Prezident Farmoni qabul qilindi.

 

Farmonga koʻra, 2026-yil 1-iyuldan boshlab:

 

Toshkent davlat yuridik universitetida quyidagilarni nazarda tutuvchi “Universitet 5.0” konsepsiyasi asosida barqaror rivojlanishga qaratilgan taʼlim muhiti shakllantiriladi:

 

– talabalarga yoʻnaltirilgan taʼlim jarayoni orqali ularning ijodiy salohiyatini doimiy rivojlantirish hamda ijtimoiy masalalarni yechishga qodir boʻlgan mutaxassislar tayyorlash;

 

– universitet akademik mustaqilligini taʼminlash doirasida kollegial organlarning boshqaruvdagi rolini oshirish;

 

– taʼlim jarayonlarida zamonaviy texnologiyalar, sunʼiy intellekt va inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan insonparvarlik qadriyatlarini oʻzaro muvozanatli integratsiyalashga qaratilgan innovatsion ekotizim yaratish.

 

Shuningdek, universitetda taʼlim dasturlari, taʼlim va boshqaruv jarayonida quyidagilar orqali sohadagi xalqaro standartlar joriy etiladi:

 

– universitet va taʼlim dasturlarini xalqaro institutsional va dasturiy akkreditatsiyadan oʻtkazish;

 

– talabalarga fan va oʻqituvchilarni tanlash uchun keng imkoniyatlar yaratish orqali professor-oʻqituvchilar oʻrtasida raqobat muhitini shakllantirish.

 

Shu jumladan, farmonga asosan, universitet uchinchi va toʻrtinchi kurs talabalarini davlat tashkilotlariga, notariat va advokatlik tuzilmalariga ish yurituvchi, yuriskonsult yordamchisi sifatida ishga qabul qilishga ruxsat etiladi.