Paxtachi tumani “Qalqon-jasorat harbiy sport maktabi”ning 6-sinfi o‘quvchisi Sh.Sh 2024-yil 15-mart o‘qituvchisi Sh.X. tomonidan avtomobilning orqa o‘rindig‘ida g‘ayriqonuniy tarzda oyoqlarini temir zanjir bilan bog‘lab qo‘ygani aniqlangan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Sh.Sh. ning vasiylari J.S. va E.M. lar mazkur maktab o‘qituvchisi X.Sh. ni chaqirib, undan bolani xulqi og‘irligi tufayli Samarqand viloyati “Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish Markazi”ga olib borishni so‘ragan. Shuningdek, o‘qituvchi ekani aytilgan shaxs huquqni muhofaza qilish organining sobiq xodimi bo‘lgan.
Maktab o‘qituvchisi Sh.X. go‘yoki avtomashinadan tushib qochib ketmasin degan vaj bilan bolani avtomobilning orqa o‘rindig‘ida g‘ayriqonuniy tarzda oyoqlarini temir zanjir bilan bog‘lab qo‘ygani aniqlangan.
Holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilib, Jinoyat kodeksining 138-moddasi (Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
Endilikda ish sudda ko‘rib chiqildi.
Sud hukmi bilan bolani zanjirband qilgan shaxs 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. U jazoni manzil kaloniyada o‘tashi belgilandi.