Abituriyentlar test jarayonida quyidagi huquq va majburiyatlarga ega:
– test topshiriqlari kitobidan qoralama sifatida foydalanish;
– test topshiriqlarini belgilangan muddatdan oldin bajarish, undan so‘ng test materiallarini tartib bilan guruh nazoratchisiga topshirish hamda test sinovlari o‘tkaziladigan hududdan chiqib ketish:
– test o‘tkazish hududiga imtihon boshlanadigan vaqtdan 1,5 soat oldin borish;
– testga faqat abituriyent ruxsatnomasi va pasporti bilan shaxsni identifikatsiyalash vositalari bilan borish;
– test materiallari nuqsonsizligini tekshirish va nuqson borligi aniqlansa, darhol guruh nazoratchisiga xabar berish;
– javoblar varaqasi to‘g‘ri to‘ldirilishini ta’minlash;
– test topshiriqlari kitobi muqovasida va javoblar varaqasida ko‘rsatilgan tegishli joylarni rasmiylashtirish.
Shuningdek abituriynetlar test davomida quyidagilarga shaxsan javobgar hisoblanadi:
– javoblar varaqasini havo rang pastali sharikli ruchka bilan to‘ldirish;
– javoblar varaqasini bukmaslik, marker chizig‘iga yozmaslik, javoblar varaqasi raqami ostida joylashgan doirachalarni bo‘yamaslik;
– javoblar varaqasi bilim darajasini belgilovchi asosiy hujjat bo‘lganligi uchun uni to‘g‘ri to‘ldirish;
– belgilangan vaqt tugaguniga qadar test topshiriqlari kitobida mavjud test topshiriqlarini bajargan holda javoblar varaqasining mos tartib raqamidagi tegishli doirachalarini bo‘yab, test topshiriqlari kitobini va unga mos bo‘lgan javoblar varaqasini guruh nazoratchisiga topshirish.
Har bir test topshirig‘iga 4 tadan (“A”, “V”, “S”, “D”) muqobil javoblar beriladi.
Muhim eslatma! Abituriyent tomonidan har bir test topshirig‘iga faqat bitta javob belgilanishi shart bo‘lib, test topshiriqlari kitobida to‘g‘ri deb hisoblangan javoblarni javoblar varaqasidagi mos tartib raqamli doirachadan bittasini bo‘yaydi (javoblar varaqasida bo‘yalgan javoblarni o‘zgartirish mumkin emas).
Agar, javoblar varaqasidagi “belgilash uchun namuna” qoidasiga rioya etilmasa, jumladan, bitta test topshirig‘iga javoblar varaqasida tegishli doiracha bo‘yalmasa yoki ikki va undan ortiq doiracha bo‘yalsa yoxud to‘liq bo‘yalmasa ushbu test topshirig‘iga ball berilmaydi.
Abituriyentning test sinovlarini topshirish vaqtida guruhdan chiqishi taqiqlanadi, chiqqan abituriyentlar qaytadan test sinovlariga qo‘yilmaydi.
Test materiallarisiz, guruh nazoratchisi kuzatuvi ostida guruhdan chiqish hollari bundan mustasno.