Mualliflik huquqi buzilganligi sabab O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti javobgarlikka tortildi

Mualliflik huquqi buzilganligi sabab O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti javobgarlikka tortildi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarjimon va sharqshunos olim Mark Riz uning 15 yil davomida ingliz tiliga (“Bygone Days”) tarjima qilgan “O‘tkan kunlar” asarining ruxsatsiz elektron shaklda tarqalayotgani haqida murojaat qilgan.

 

Shunga ko‘ra, Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida o‘rganish o‘tkazilgan.

 

Natijada ushbu asar Mark Rizdan ruxsat olinmasdan, hech qanday shartnomasiz to‘liq holda elektron shaklga o‘tkazilgani va unilibrary.uz tizimiga joylangani ma’lum bo‘lgan.

 

Aniqlangan huquqbuzarlik bo‘yicha universitet mas’ullariga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177¹-moddasi bilan bayonnoma rasmiylashtirilib, sudga yuborilgan.

 

Sud qaroriga ko‘ra, mas’ul xodimga 2060000 so‘m miqdorida jarima belgilangan hamda asarning elektron nusxasi unilibrary.uz tizimidan o‘chirilgan.

 

Shuningdek, kelgusida bunday huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida universitetda mualliflik va turdosh huquqlarga rioya qilish bo‘yicha seminar-trening tashkil etilgan.

 

“Ma’lumot uchun, tarjimon Mark Rizga “Mualliflik va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonunning 65-moddasiga muvofiq, zararni qoplash uchun huquqbuzardan BHMning 20 baravaridan 1000 baravarigacha miqdorda tovon talab qilish huquqiga ega ekanligi tushuntirildi”, deyiladi xabarda.