Fargʻona shahridagi “Yangi Oʻzbekiston” massivida Prezident bilan suhbatlashgan Madinaxon Soliyeva Jahon tillari universiteti talabasiga aylandi.
Maʼlum boʻlishicha, u Oʻzbekiston tumanidagi “Zinasha” MFYda yashaydi. Fargʻona shahriga imtihondan oʻtish maqsadida kelgan va ijarada turgan.
Prezidentning Fargʻona safari chogʻida Madinaxon jiyani bilan xiyobonda sayr qilib yurgan boʻlgan.
“Jiyanim bilan xiyobonda sayr qilib yurgandik. Kutilmaganda massivga Yurtboshimiz tashrif buyurib, fuqarolar bilan suhbatlashishni boshladilar. Men ham Prezidentimizga peshvoz chiqib, samimiy tilaklarimni aytdim. Oʻzimning orzu-maqsadlarim haqida gapirib berdim. Davlatimiz rahbari meni oʻzim orzu qilgan oliygohda imtiyozli grant asosida oʻqishga tavsiya qilib, omad tiladilar. Menga bildirilgan bu ishonchni albatta oqlash uchun puxta bilim olib, kelajakda Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshadigan kadr boʻlib yetishishga harakat qilaman”, – deydi u.
Uchrashuvdan bir kun oʻtib Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari hamda Jahon tillari universiteti rektori Fargʻonaga yetib kelgan.
Viloyat hokimligida boʻlib oʻtgan tadbirda boʻlajak talaba hamda uning onasiga oʻqishga qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi sertifikat topshirilgan.
“Oʻzimiz oddiy yashasak-da, farzandlari mizning puxta bilim olib, bizdan-da yaxshiroq muvaffaqiyatlarga erishishini istaymiz. Shu bois yoshligi dan til oʻrganadigan kurslarga joʻnatamiz. Mana, boshiga baxt qushi qoʻnib, Yaratgan ning inoyati tufayli Yurtboshimiz bilan uchrashib qoldi. Imtihonsiz, grant asosida oʻqishga qabul qilingani esa bizning oila uchun juda katta sovgʻadir. Bu imkoniyatni yaratib bergan Davlatimiz rahbarini oila miz ham, qishloqdoshlarimiz ham tinmay duo qilishmoqda. Qizim, albatta, Yurtboshimiz bildirgan ishonchni oqlaydi”, – deydi qizning onasi.
Maʼlumot “Yangi Fargʻona” gazetasidan olindi.