Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-yanvardagi “Xorijiy tillarni oʻrganishni takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 34-son qarori 11-bandida “Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi umumtaʼlim muassasalarining C1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega rus tili fani oʻqituvchilariga sertifikat olingan kundan boshlab uch yil davomida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ustama toʻlash tartibini 2022-yil 1-fevraldan boshlab joriy etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin” deb ko‘rsatilgan.
Shunga asosan rus tili fani oʻqituvchilariga lavozim maoshiga nisbatan 50 foiz ustama toʻlab beriladi.
Shuningdek, Adliya vazirligidan 3515-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan qo‘shma qarorning 4-bobida “Umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim tizimida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarga ustama belgilashda qoʻllaniladigan umumtaʼlim fanlari boʻyicha milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar roʻyxati” tasdiqlangan. 4-bobning 15,16,17-qatorida rus tili fani uchun milliy va xalqaro sertifikatlar ro‘yxati ko‘rsatilgan.
Bunda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 4-bobda ko‘rsatilgan fanlar uchun sertifikat joriy qilish va ustama to‘lash nazarda tutilmagan.
Avvalroq, rus tili fanidan C1 sertifikat ega o‘qituvchilarga ustama to‘lanishi haqida xabar bergan edik.
