Kanadaning Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasida grizli ayiq maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilar guruhiga hujum qilgan. Hujum oqibatida 11 kishi jarohatlangan va ulardan ikkitasi og‘ir ahvolda. Bu haqda ‘‘The Guardian’’ nashri xabar berdi.
Hodisa Vankuverdan shimol-sharqda joylashgan Bella Kula shaharchasida sodir boʻlgan. Qutqaruv xizmati maʼlumotiga koʻra, voqea joyiga ikkita tez yordam mashinasi va vertolyot jalb etilgan. Jarohatlanganlarning yoshi haqida maʼlumot berilmagan, ammo jarohatlari jiddiy ekani aytilmoqda.
Mahalliy aholi vakili Veronika Shunerning aytishicha, ayiq 4–5-sinf oʻquvchilari sayr qilib yurgan paytda hujum qilgan. Uning oʻgʻli ham guruhda boʻlgan, ammo omon qolgan. Ayrim kishilar hayvonni toʻxtatishga uringan, oʻqituvchilardan biri ogʻir jarohat olgan.
Hujumdan soʻng ayiq qochib ketgan. Rasmiylar uni hali ham topilmaganini maʼlum qildi. Hodisa boʻyicha politsiya va tabiatni muhofaza qilish xizmati xodimlari ishlar olib bormoqda. Aholiga zarurat boʻlmasa uydan koʻchaga chiqmaslik tavsiya etilgan. Jabrlangan oʻquvchilar oʻqigan maktab vaqtincha yopilgan.
Provinsiyada grizli ayiq hujumlari kam uchraydi, ammo so‘nggi oylar ichida bir nechta hujumlar sodir bo‘lgan. Sentyabrdan beri uchta hujum qayd etilgan, ulardan biri o‘lim bilan yakunlangan.
