Yuridik ta’limda talabalarning amaliyot darslari ulushi 50 foizga yetkaziladi

Yuridik ta’limda talabalarning amaliyot darslari ulushi 50 foizga yetkaziladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 21-noyabr kuni intellektual mulk, arxiv ishi va yuridik ta’lim sohalarini isloh qilishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

 

Unga ko‘ra, barcha oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida patentlash, ishlab chiqarishga kiritish hamda tijoratlashtirishga ko‘maklashish markazlarini ochish, dastlab Milliy universitetda, keyinchalik yana 4 ta oliygohda “Intellektual mulk obyektlari menejmenti” yo‘nalishini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

 

Shuningdek, yuridik ta’lim va fanni yanada isloh qilish masalalari ko‘rib chiqildi.

 

Toshkent davlat yuridik universitetida klinik va dual ta’limni joriy qilish rejalashtirilgan. Talabalarning amaliyot darslari ulushi 50 foizga yetkaziladi, fuqarolik, jinoyat va biznes huquqi yo‘nalishlarida yuridik klinikalar tashkil etiladi. Zamonaviy huquq talablaridan kelib chiqib, “Raqamli huquq” va “Korporativ huquq va boshqaruv” kabi yangi ta’lim yo‘nalishlari ochiladi.

 

Shu bilan birga, “ta’lim – tadqiqot – amaliyot” zanjiri asosida fakultetlarning tashkiliy tuzilmasini yangilash va kafedralarni bosqichma-bosqich shu’balarga aylantirish, universitetning professorlar kengashini tashkil etish taklif etildi.

 

Prezident taqdim etilgan yangilanishlarni tizimli joriy etib, muhokama qilingan sohalarda samaradorlikni, aholi va tadbirkorlar uchun qulayliklarni yanada oshirish zarurligini ta’kidladi.