2028-yilga borib Kanada chet elliklar uchun o‘qish ruxsatnomalarini 50 foizdan ko‘proq qisqartirib, yiliga 150 mingtagacha tushirishni rejalashtirmoqda. Hukumat bu yangi maqsadlarni allaqachon federal byudjet loyihasiga kiritgan.
2024-yilda Kanadaga vaqtinchalik migratsiya eng yuqori darajaga yetib, mamlakat aholisi sonining 7,5 foizini tashkil qildi. Bu 2018-yildagi ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p. Immigratsiya, qochqinlar va fuqarolik vazirligi vaqtinchalik rezidentlar, jumladan, talabalar — ulushini 2027-yilga borib kamida 5 foizgacha tushirishni maqsad qilgan. Bunday siyosat universitetlar orasida jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.
Kanada ketma-ket ikkinchi yil chet eldan kelayotgan talabalar soniga cheklov qo‘ymoqda. Bu jarayon uy-joy bozori, sog‘liqni saqlash tizimi va iqtisodiyotning boshqa sohalariga tushayotgan bosimni kamaytirish maqsadida qabul qilingan. 2025-yil boshida talaba vizalarining limiti 437 mingta etib belgilangan edi — bu o‘tgan yilga nisbatan 10 foiz kam. Shunga qaramay, 2025-yilning birinchi yarmida mamlakatga kelgan chet ellik talabalar soni 2024-yildagidan 60 foizga kamaygan.
Bundan tashqari, kanadalik qonunchilar yangi taklif kiritdilar. Unga ko‘ra, agar jamoatchilik manfaatlari talab qilsa, talaba vizalarini bekor qilish yoki ularni vaqtincha to‘xtatib turish imkoniyati yaratilishi mumkin. Kanada immigratsiya vaziri Lena Diab bunday qat’iy choralarni vizalar bilan bog‘liq firibgarlikning ko‘payishi bilan izohladi.
Kanada universitetlari vakillarining ta’kidlashicha, talaba vizalarini keskin qisqartirish va amaldagi ruxsatnomalarni bekor qilish ehtimoli chet elliklarni jalb qilish tizimiga salbiy ta’sir qiladi. Bundan tashqari, xorijiy talabalar sonining keskin kamayishi “demografik bo‘shliq”ga olib kelishi mumkin — ya’ni yangi talabalar soni bitiruvchilarga nisbatan sezilarli darajada kamayadi.
Shu bilan birga, yangi byudjet loyihasida ta’limni qo‘llab-quvvatlash choralariga ham e’tibor qaratilgan. Xususan, hukumat keyingi 13 yil davomida 1,7 milliard Kanada dollarini ($1,2 mlrd) chetdan keladigan tadqiqotchilar, doktorantlar va yosh olimlarni jalb qilishga ajratishga tayyor. Shuningdek, AQShning H-1B vizasiga ega mutaxassislar — masalan, muhandislar, arxitektorlar, dasturchilar — uchun o‘qish ruxsatnomalarini tezlashtirilgan tartibda berish tizimi joriy etilishi mumkin.
Avvalroq, 2025-yilda Kanada talabalik vizasi uchun arizalarning 62 foizi rad etilganligi va bu esa so‘nggi o‘n yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanishi haqida xabar bergan edik.
