Savol: Assalomu alaykum. Xususiy bogʻcha va maktablarda bolalar kasal boʻlib bormagan kunlariga spravka olib borish degan narsa yoʻq. Bormagan kunlariga pulini chegaralab kamaytirib berishmaydi. Bir oyda 2 kun borgan boʻlsa ham 100 foiz toʻlov qilamiz. Davlat bogʻchalarida undaymas. Bormagan kunlariga pul olishmaydi. Nega unaqa? Xususiylarda qonun ishlamaydimi? Ularda bu narsa qonuniymi? Vaholanki xususiy bogʻcha va maktablar ancha qimmat. Nevaram bogʻchasi 2900000, kattasini maktabi 4500000. Nega bormagan kunlarigayam pul olishadi?
Xususiylarda ham qonun ishlaydi faqat buni talab qilish kerak.
Fuqarolik kodeksining 703-moddasiga binoan haq evaziga xizmat koʻrsatish shartnomasi boʻyicha ijrochi buyurtmachining topshirigʻi bilan ashyoviy shaklda boʻlmagan xizmatni bajarish (muayyan harakatlarni qilish yoki muayyan faoliyatni amalga oshirish), buyurtmachi esa bu xizmat uchun haq toʻlash majburiyatini oladi.
Qoidaning mazmuniga koʻra siz buyurtmachi sifatida MTT (xususiy bogʻcha) bilan taʼlim xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma tuzasiz.
Fuqaroki kodeksining 705-moddasi birinchi qismida buyurtmachi oʻziga koʻrsatilgan xizmatlar haqini haq evaziga xizmat koʻrsatish shartnomasida koʻrsatilgan muddatlarda va tartibda toʻlashi shartligi belgilangan.
Mazkur qoidaning mazmuniga koʻra siz buyurtmachi sifatida faqat koʻrsatilgan xizmatlar uchun haq toʻlaysiz. Agar farzandingiz uzrli sabablarga koʻra bogʻchaga bora olmagan boʻlsa, shu borolmagan kunlar uchun haq toʻlanmaydi. Haq yaʼni toʻlov faqat koʻrsatilgan xizmat uchungina (boshqacha aytganda faqat farzandingiz bogʻchaga borgan kun uchun) toʻlanadi.
Agar MTT koʻp haq olgan boʻlsa, qolgan summani qaytarish haqida sudga ariza berish kerak.
