Qozog‘istonda gripp va ORVI kasalligi ko‘paygani sabab maktablar masofaviy ta’limga o‘tkazilmoqda

Qozog‘istonda gripp va ORVI kasalligi ko‘paygani sabab maktablar masofaviy ta’limga o‘tkazilmoqda

Qozog‘istonda bir hafta ichida virusli infeksiya (ORVI) tufayli 183 ming kishi kasallandi. 2024-2025 o‘quv yilidagi o‘tgan epidemik mavsum bilan taqqoslaganda, kasallanish darajasi 16% ga oshgan. Bu haqda bugun, 19-noyabr kuni hukumat yig‘ilishida Sog‘liqni saqlash vaziri Akmaral Alnazarova ma’lum qildi.

 

Vazirning ta’kidlashicha, grippning tarqalishi joriy yilda 41 haftada, ya’ni oktyabr oyining birinchi yarmida aniqlangan.

 

‘‘Grippning tarqalishi joriy yilda 41 haftada, ya’ni oktyabr oyining birinchi yarmida aniqlangan, bu o‘tgan epidemik mavsumdan biroz ilgariroq. Qozog‘iston hududida ilgari tarqalmagan yangi gripp turlari aniqlanmagan. ORVI va gripp belgilari bilan bemorlar ham grippga o‘xshamaydigan viruslarga qarshi tekshiruvdan o‘tkaziladi. Respublika bo‘ylab rinovirus, paragripp, adenovirus, bokavirus, koronavirus, RS virus va metapnevmoviruslar tarqalmoqda’’, – dedi u.

 

Ma’lum qilinishicha, Qozog‘istonda 1-sentyabrdan buyon 1,4 millionta ORVI holati ro‘yxatga olingan, o‘tgan epidemik mavsum bilan taqqoslaganda bu ko‘rsatkich 20% ga pasaygan. Ular orasida 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar 66% ni tashkil etadi.

 

Qozog‘istonda, shuningdek, bolalar va homiladorlar uchun xavfli bo‘lgan Gonkong grippi shtammi aniqlangan. Sanitariya-epidemiologik nazorat qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda kuz-qish mavsumi boshlanishidan beri deyarli 600 ta kasallanish holati ro‘yxatga olingan.

 

Sharqiy-Qozog‘iston, Abay va Kostanay viloyatlaridagi maktablarda o‘quvchilar orasida keng tarqalgan kasallanish va ORVI profilaktikasi sababli masofaviy ta’lim joriy etilmoqda.

 

Viloyat ta’lim boshqarmasining ma’lumotiga ko‘ra, Sharqiy-Qozog‘iston viloyatida 23 ta umumta’lim maktablarining 169 ta sinfida 3015 nafar o‘quvchi vaqtincha uyda o‘qiydi. Masofaviy ta’lim, sog‘liqni saqlash holati tufayli 30% dan ortiq o‘quvchi yo‘q bo‘lgan sinflarda tashkil etilgan.

 

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari Talqat Moldabekovning so‘ziga ko‘ra, o‘quv yili boshidan beri 5558 nafar o‘quvchi ORVI bilan kasallangan, kasallangan o‘quvchilar ulushi umumiy kasallanishning 17,2% ni tashkil etadi. Hududda shuningdek, 25 ta gripp holati aniqlangan.

 

‘‘Masofaviy ta’limga o‘tish, agar sinflarda 20% dan 30% gacha ORVI kasalligi aniqlansa, amalga oshiriladi,’’ deb ta’kidlanadi xabarda, bunda masofaviy ta’limga o‘tkazilgan sinflar soni aniq ko‘rsatilmagan.

 

Kostanay tumanida ham 72 ta sinfda darslar to‘xtatilgan.

 

Bosh vazir Olja Bektenov, Sog‘liqni saqlash vazirligi va hokimiyatlarga tibbiy yordam sifatini qat’iy nazorat qilishni topshirgan.

 

‘‘Gripp va boshqa virusli kasalliklar mavsumi boshlandi. Sog‘liqni saqlash vazirligiga va hokimiyatlarga fuqarolar tibbiy yordamga murojaat qilganda yordam sifatini nazorat qilishni topshiraman,’’ – dedi u.

 

Olja Bektenov zarurat bo‘lsa, shifoxonalarda qo‘shimcha joylar ochishga va ko‘chma mobil brigadalar ishini tashkil etishga tayyor bo‘lish zarurligini ta’kidlagan.