The Independent nashrining xabar berishicha, joriy yilning 17-noyabr kuni Avstraliya va Yangi Zelandiyadagi taxminan 80 maktab o‘yin maydonchalari uchun ishlatiladigan rangli qumlarda zararli asbest aniqlangani sababli yopilgan.
Laboratoriya tekshiruvlari bir qancha mashhur o‘yin qumlarida tremolit va xrizotil asbesti mavjudligini tasdiqlangan. Bu ma’lumotlar o‘tgan hafta paydo bo‘lgan. Avstraliyadagi xavfsizlik nazorati Educational Colours kompaniyasi yetkazib bergan qumni mamlakat bo‘ylab qaytarib olishni e’lon qilgan.
Ko‘p o‘tmay, Kmart va Target ham ba’zi mahsulotlarini , jumladan, 14 qismli “Qumdan qal’a yasash to‘plami” va ko‘k, yashil hamda pushti rangli “Magic Sand” qumlarini sotuvdan qaytarib olgan.
Asbest — tabiiy, zaharli, kanserogen va tolali silikat minerallar guruhiga kiradi. U o‘zining yong‘inga chidamliligi sababli turli izolyatsion materiallarda qo‘llanilgan. Ko‘plab mamlakatlarda asbestdan foydalanish qonun bilan taqiqlangan, xususan, Avstraliyaga uni olib kirish 2003-yildan beri man etilgan. Shunga qaramay, har yili taxminan 255 ming kishi asbest bilan bog‘liq kasalliklar oqibatida vafot etadi.
Holat yuzasidan Educational Colours kompaniyasi o‘z saytida shunday bayonot bergan:
“Mustaqil laboratoriya tekshiruvlari Rainbow Sand va Coloured Sand mahsulotlarining ayrim namunalarida tabiiy tremolit asbesti izlarini aniqladi. Mutaxassislar xavf juda pastligini aytgan bo‘lsa-da, biz ehtiyot chorasi sifatida mahsulotlarni qaytarib olyapmiz”.
Kompaniya iste’molchilarga qumdan darhol foydalanishni to‘xtatishni va uni oddiy chiqindiga tashlamaslikni tavsiya qilmoqda. Qum ikki qavat qalin plastik paketga solinib, mahkam yopilishi, “Ochmang – Asbest bo‘lishi mumkin” deb belgilanishi va bolalardan uzoqda saqlanishi kerak.
Avstraliya raqobat va iste’molchilar komissiyasiga ko‘ra, laboratoriya tekshiruvlari moddaning havoga tarqalmasligini ko‘rsatgan, ya’ni qum ezilmaguncha yoki maydalanmaguncha xavf mavjud emas. Tekshiruvlar natijasida Kanberradagi 71 maktab 17-noyabr kuni vaqtincha yopilgan va mutaxassislar qumni yig‘ish hamda xavfsiz yo‘q qilish ishlarini boshlagan. Hukumat bu qarorni o‘quvchilar, xodimlar va jamoat xavfsizligi nuqtai nazaridan qabul qilganini bildirgan.
Boshqa shtatlar esa yengilroq choralar ko‘rgan. Yangi Janubiy Uelsda faqat ogohlantirish berilgan, Janubiy Avstraliya va Kvinslendda esa qumni muomaladan chiqarish va yetkazib beruvchilarni tekshirish ishlarini olib bormoqda. Yangi Zelandiyada esa 17-noyabr kuni kamida 8 maktab yopilgan, shuningdek, 150 ga yaqin maktab va bog‘cha vaziyat bo‘yicha qanday choralar ko‘rish kerakligini rasmiylardan so‘rab murojaat qilgan.
Kmart kompaniyasining holat yuzasidan bayonotida shunday deyiladi:
“Biz uchun mahsulotlar xavfsizligi — birinchi o‘rinda. Har qanday ehtimoliy xavf bo‘lsa, tezkor choralar ko‘ramiz. Yangi Zelandiya regulyatori bizga “Active Sand Tub” to‘plamida asbest moddasi aniqlanganini bildirdi. Shu sababli barcha qumga oid o‘yinchoqlarni savdodan olib tashlayapmiz va to‘rtta Anko brendidagi mahsulotni qaytarib olyapmiz”.
