“El-yurt umidi” jamg‘armasi Boshqaruv kengashining 2025-yil 3-iyundagi 1-son qaroriga muvofiq nufuzli yetakchi universitetlarda bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlarida ta’lim olish uchun Jamg‘armaning 2025-yil 2-ochiq stipendiya tanlovini e’lon qilganligi haqida xabar bergan edik.
Ushbu stipendiya Prezidentning 2025-yil 5-maydagi “Iqtidorli mutaxassislarning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash, ularda kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida” gi PF-77-son farmoniga asosan joriy etilgan.
Farmonga ko‘ra, “El-yurt umidi” jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi etib qayta tashkil etilgan. “El-yurt umidi” jamg‘armasining asosiy vazifalari quyidagilar etib belgilangan:
– professional, chuqur bilimga ega, zamonaviy fikrlaydigan va vatanparvarlik ruhida tarbiyalangan kadrlarga bo‘lgan talabni o‘rganib borish;
– nomzodlarni vazirlik, idora va iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari ehtiyojlariga mos holda professional yo‘naltirish;
– stipendiatlarning O‘zbekistonga qaytgandan so‘ng mehnat faoliyati va ijtimoiy himoyasi uchun munosib shart sharoitlar yaratish hamda ularni qo‘llab quvvatlash bo‘yicha takliflar kiritish;
– mamlakatimizning xalqaro maydondagi ijobiy imijini yanada oshirish uchun stipendiatlar salohiyatidan samarali foydalanish.
2025-yil 1-sentabrdan boshlab:
– vazirlik, idora, iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari orasidan maqsadli stajirovkaga yuboriladigan nomzodlar ro‘yxati shakllantiriladi;
– stajirovka tashkil etiladigan xorijiy tashkilotlar va stajirovka muddati buyurtmachilar, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan belgilanadi;
– maqsadli stajirovkaga yuboriladigan mutaxassislarning stajirovka o‘tashda zarur bo‘ladigan xorijiy tilni o‘rganishi uchun vazirlik, idora va iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari tomonidan tegishli sharoitlar yaratib beriladi.
“El-yurt umidi” stipendiyasi g‘oliblari ochiq tanlov asosida test sinovlari va suhbat o‘tkazish orqali aniqlanadi, test sinovlarida nomzodlarning intellektual, tahlil qilish va kreativlik qobiliyatlari, psixologik barqarorligi baholanadi.
Bakalavriat bo‘yicha hamda magistratura va doktorantura bo‘yicha xalqaro reyting tashkilotlarining global reytingi natijalariga ko‘ra:
– birinchi 100 talikka kiritilgan xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qish xarajatlari (tuition fee) to‘liq qoplanadigan grant asosida qabul qilingan nomzodlarga “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyalari tanlovlarsiz ajratiladi;
– birinchi 300 talikka kiritilgan xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga qabul qilingan nomzodlarga xalqaro transport va turarjoy xarajatlari uchun “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyalari tanlovlarsiz ajratiladi;
– birinchi 20 talikka kiritilgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qish xarajatlari (tuition fee) kamida 50 foiz qoplanadigan grant asosida qabul qilingan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablari bitiruvchilariga “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyalari tanlovlarsiz ajratiladi.
Mazkur stipendiya tanlovi uchun o‘rinlar ajratishda STEM yo‘nalishlari (ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika) hamda iqtisodiyotning drayver sohalariga (energetika, transport, urbanizatsiya, arxitektura va qurilish, qishloq va suv xo‘jaligi, geodeziya, yer munosabatlari) shuningdek, davlat boshqaruvi va boshqa dolzarb ijtimoiy yo‘nalishlarga (tibbiyot, ta’lim) maqsadli asosda alohida ustuvorlik berildi.
Prezidentning 2025-yil 26-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-61-sonli farmoniga muvofiq, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali xorijiy mamlakatlarda taʼlim olib qaytgan stipendiatlar milliy kadrlar zaxirasiga toʻgʻridan-toʻgʻri kiritiladi hamda ular davlat organlari, tashkilotlari va muassasalariga tanlovsiz ishga olinadi.
Nomzodlarga hujjat topshirish jarayonida yanada qulay shart-sharoit yaratish maqsadida Jamg‘arma tomonidan onlayn platforma ishga tushirildi. Nomzodlar joriy yilning 12-noyabridan 26-noyabriga qadar mazkur platforma orqali tegishli hujjatlarni yuborib, tanlovga nomzod sifatida qatnashishlari mumkin.
Maqbullik shartlari
– Xorijda bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlari boʻyicha taʼlim olishni istaydigan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ariza topshirishlari mumkin;
– Bakalavr dasturlari boʻyicha: 30 yoshgacha boʻlgan, oldin oʻxshash mutaxassislik boʻyicha xorijda bakalavr dasturlarida tahsil olmagan;
– Magistratura dasturlari boʻyicha: 22-40 yosh oraligʻida boʻlgan, oldin oʻxshash mutaxassislik boʻyicha xorijda magistratura dasturlarida tahsil olmagan. Tanlagan mutaxassisligi boʻyicha kamida 1 yil mehnat tajribasiga ega boʻlganlar;
– Doktorantura dasturlari boʻyicha: 25-45 yosh oraligʻida boʻlgan, oldin xorijda PhD yoki fan doktori ilmiy darajasiga ega boʻlmaganlar. Tanlagan mutaxassisligi bo’yicha magistratura uchun kamida 1 yil, doktorantura uchun 2 yil mehnat tajribasiga ega bo’lganlar topshira oladi.
Ochiq stipendiya tanlovida kimlar ishtirok eta olmaydi?
a) bakalavriat ta’lim dasturi bo‘yicha 30 yoshdan katta bo‘lgan, shuningdek, avval o‘xshash mutaxassislik bo‘yicha xorijda bakalavriatda ta’lim olganlar;
b) magistratura ta’lim dasturi bo‘yicha — 22 yoshdan kichik va 40 yoshdan katta bo‘lgan, shuningdek, avval ayni yoki turdosh mutaxassislik bo‘yicha xorijda magistraturada ta’lim olganlar;
v) doktorantura ta’lim dasturi bo‘yicha (shu jumladan, aspirantura orqali falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun) — 25 yoshdan kichik va 45 yoshdan katta bo‘lgan, shuningdek, avval falsafa doktori (PhD), fan nomzodi yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini xorijda olganlar, O‘zbekistonda fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olganlar;
g) magistratura ta’lim dasturiga hujjat topshirishda 1 yildan kam, doktorantura ta’lim dasturiga esa 2 yildan kam mehnat stajiga ega bo‘lganlar;
d) oliy ma’lumotga ega bo‘lmaganlar (mazkur talab bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha nomzodlarga tatbiq etilmaydi);
e) xorijiy mamlakatlarda ta’lim olishi bilan bog‘liq xarajatlari xalqaro yoki xorijiy tashkilotlar, xorijiy oliy ta’lim va ilmiy muassasalar tomonidan, shu jumladan, Chevening, Fullbright, Erasmus Mundus, DAAD, KOICA, JICE va shunga o‘xshash boshqa dasturlar asosida ajratiladigan grantlar yoki stipendiyalar orqali to‘liq moliyalashtiriladiganlar;
j) xorijda sirtqi va onlayn dasturlar orqali ta’lim oladiganlar;
z) jinoyat sodir etganlik uchun sudlanganligi tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmaganlar ushbu ochiq stipendiya tanlovida ishtirok etishlari mumkin emas.
Qanday imkoniyatlarni taqdim etadi?
Ushbu stipendiya quyidagi bir qator imkoniyatlarni taqdim etadi:
– bakalavr, magistratura yoki doktoranturada oʻqish puli toʻliq qoplanadi;
– shuningdek, vizalar olish, stipendiatlarning barcha turdagi transport vositalari bilan taʼlim olish joyigacha boʻlgan yoʻlkira xarajatlari (ikkala tomonga, koʻpi bilan yiliga bir marta);
– taʼlim olish davrida yashash, ovqatlanish, tibbiy sugʻurta va transport xarajatlari;
– zarur oʻquv va ilmiy adabiyotlarni xarid qilish, shu jumladan darsliklar sotib olish, stipendiat taʼlim olayotgan xorijiy taʼlim, ilmiy yoki boshqa muassasa talablariga binoan ilmiy maqolalar chop ettirish, ilmiy maqolalarni koʻchirib (elektron tarzda yuklab) olish, maqolalar hamda ilmiy adabiyotlarning elektron bazasiga obuna boʻlish;
– Jamgʻarma Vasiylik kengashi qaroriga koʻra stipendiatlarning xorijda taʼlim olishi bilan bevosita bogʻliq boshqa xarajatlari;
– har bir taʼlim dasturi boʻyicha bitta stipendiatga ajratiladigan xarajatlarning cheklangan miqdori Jamgʻarmaning Vasiylik kengashi tomonidan belgilanadi.
