“Ular pedagog emas” – Jismoniy tarbiya, musiqa o‘qituvchilarining ish haqi nega oshirilmadi?

2024-yil 1-iyundan davlat bog‘chalarida ishlovchi oliy ma’lumotli pedagog xodimlarning maoshi oshirilishi belgilangandi. Biroq jismoniy tarbiya, musiqa fanidan dars beruvchilarning ish haqi ko‘tarilmay qoldi. “Kun.uz”ning aniqlik kiritishicha, vazirlik bunga ularning pedagog toifasida emasligini sabab sifatida ko‘rsatgan.

 

Bog‘cha pedagoglarining maoshi oshdi, ammo…

 

2023-yil 26-martda prezident imzolagan 79-sonli farmonga ko‘ra, shu yil 1-iyundan boshlab davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining oliy ma’lumotli pedagog xodimlarining bazaviy tarif stavkalari umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining tegishli pedagog xodimlari bazaviy tarif stavkalarining amaldagi miqdorlariga tenglashtirilishi belgilangandi.

 

Biroq davlat bog‘chalarida bolalarga jismoniy tarbiya va musiqa fanidan dars beruvchi kadrlarning maoshi ko‘tarilmagani aytilmoqda.

 

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi bog‘chalardan birida ishlovchi jismoniy tarbiya yo‘riqchining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, u oliy ma’lumotli, 1,25 stavkada ishlaydi, 1 mln 720 ming so‘m oylik oladi. Oliy ma’lumotli, ammo 1 stavka ishlovchilar esa 1 mln 587 ming so‘m maosh olishi ma’lum qilindi.

 

99-sonli buyruq [Maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglarining ish hujjatlarini tasdiqlash to‘g‘risida] bo‘yicha biz ish hujjatlarini yuritamiz, hamma o‘qituvchilar hamkorlikda ishlamaydi. Tarbiyachi bolalarini bizga tashlab gruppaga kochib ketadi, 30 daqiqa davomida 35 nafar bola bilan bitta jismoniy tarbiya o‘qituvchisi dars o‘‌tadi. Tarbiyachi yoki tarbiyachi yordamchisi bizga yordam bermaydi.

 

Biz ham tarbiyachilar singari malaka oshiramiz, toifalarga topshiramiz. Pedagog vazifasini bajaramiz. Lekin hammaniki oshib, bizning oyligimiz oshmaydi. Nega?” – deydi ayol tahririyat muxbiri bilan suhbatda.

 

Chilonzor tumanidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan birida ishlovchi yana bir jismoniy tarbiya ustozlaridan biri 1,5 stavkada ishlaydi, oliy ma’lumotli, 1-toifaga ega. U 2 mln 400 ming so‘m oladi.

 

Jismoniy tarbiya yo‘riqchisining 1 stavka ishi 30 soat. 1 stavkada 8 ta guruhga mashg‘ulot o‘tadi. O‘quv yili davomida bolalar bilan ertalabki badantarbiya jarayonlarini, nonushtadan so‘ng tarbiyalanuvchilar bilan reja asosida mashg‘ulotlarni olib boramiz. Hamma pedagoglar qatori hujjatlarni yuritamiz, bolalar guruhi bilan shug‘ullanamiz.

 

Bundan tashqari, mashg‘ulotda qiynalgan bolalar bilan yakka tartibda ish olib boramiz. Reja asosida tadbirlar o‘tkazib, vazirlikdan kelgan buyruqlar asosida “Gimnastrada”,” Shaxmat”, “Mini futbol, stritbol, varkaut” yo‘nalishlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazamiz. Tarbiyalanuvchilarni tumanlararo, shahar bosqich musobaqalariga tayyorlab olib boramiz. Biz tarbiyalanuvchilarga ham ta’lim, ham tarbiya beramiz. Lekin bizni pedagog deb hisoblashmaydi, texnik xodim sifatida ko‘rishadi.

 

Prezidentimiz qarorlari to‘laqonli bajarilishini va oliy ma’lumotli, toifalari bor jismoniy tarbiya yo‘riqchilarining maoshlari boshqa pedagoglar qatori oshirilishini talab qilamiz”, – deydi murojaat qilgan ayol.

 

Kun.uz’ga berilgan ma’lumotga ko‘ra, bog‘chaning o‘rta maxsus ta’limga ega jismoniy tarbiya yo‘riqchisi va musiqa rahbari 1 443 427 so‘m, oliy ma’lumotlisi 1 587 278 so‘m, 1-toifalisi 1 897 67 so‘m hamda 1 062 161 so‘m maosh olishi belgilangan.

 

 

Ular pedagog emas, shu sabab maoshi oshirilmaydi” – MMTV

 

Holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining rasmiy izoh bildirishicha, bog‘chada ishlovchi jismoniy tarbiya yo‘riqchisi hamda musiqa rahbari pedagog toifasiga kirmagani sabab ularning maoshi oshmagan.

 

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 17 yanvardagi 25-son qarori 1-ilovasi bilan tasdiqlangan “Xalq ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizom 3-bandida pedagog xodimlar — xalq ta’limi tashkilotlarida ta’lim-tarbiya faoliyatini amalga oshiruvchi o‘qituvchi va tarbiyachilar ekani ko‘rsatib o‘tilgan.

 

Shunga ko‘ra, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining oliy ma’lumotli pedagog xodimlari tarbiyachi, tayyorgarlik guruhi tarbiyachisi, tarbiyachi-metodist, o‘qituvchi-defektolog, o‘qituvchi-logoped hamda til o‘qituvchilarining bazaviy tarif stavkalari umumiy o‘rta ta’lim muassasalari tegishli pedagog xodimlari o‘qituvchi va tarbiyachilari bazaviy tarif stavkalarining amaldagi miqdorlariga tenglashtirilgan”, – deyiladi rasmiy munosabatda.

 

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Temur Komilovning aytishicha, jismoniy tarbiya va musiqa xodimlari uchun o‘rta-maxsus ta’lim darajasi lavozim malaka talablari sifatida belgilangan, aksariyat bog‘chalarda bu lavozimlarda o‘rta-maxsus diplomga ega xodimlar faoliyat yuritib kelmoqda.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, respublikada jami 11 ming 50 nafar musiqa rahbari, 6 ming 821 nafar jismoniy tarbiya yo‘riqchisi bor. Shularning mos ravishda 2 ming 543 nafari hamda 1 ming 819 nafari oliy ma’lumotli. Qolgani o‘rta maxsus sanaladi.

 

Add a Comment

Your email address will not be published.

Mavzuga oid​

Telegram kanalga a’zo bo’lgan holda yangiliklar to'g'ridan-to'g'ri xabardor bo’ling!

Hamkorlarimiz

По теме

Станьте участником Telegram-канала и будьте в курсе новостей напрямую!

Наши партнеры