Scientific American nashrining xabariga ko‘ra, 80 mingdan ortiq ishtirokchi ishtirok etgan yangi tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, bir nechta tilni bilish miyaning qarishini sekinlashtirishi va kognitiv qobiliyatlarning pasayishidan himoya qilishi mumkin.
Tadqiqotda faqat bitta tilda gapiruvchilarga qaraganda, ko‘p tilda so‘zlashuvchilarda qarish jarayoni ikki baravar sekinroq ro‘y berishi aniqlangan. Bu natijalar Nature Aging jurnalida chop etilgan.
Tadqiqotda 51 yoshdan 90 yoshgacha bo‘lgan 86 ming sog‘lom kishi ishtirok etgan bo‘lib, ular Yevropaning 27 mamlakatidan tanlab olingan.
Tadqiqotchilar bioxulq‑atvor yoshining farqini o‘rganish orqali, faqat bitta tilda gapiruvchilar o‘rtasida qarishning tezlashishi ehtimolining ikki yoki undan ortiq tilda so‘zlashuvchilarga qaraganda yuqori ekanligini aniqladilar. Tillar soni oshgani sari bu farq kuchayib boradi.
Chili Universitetining neyrobiologi Agustin Ibanesning so‘zlariga ko‘ra, “Atigi bitta qo‘shimcha til tez qarish xavfini kamaytiradi. Ammo ikki yoki uchta tilda gapirish bu ta’sirni yanada kuchaytiradi.”
Ushbu tadqiqot ko‘p tillilikning sog‘lom qarish va miyaning uzoq muddatli sog‘lig‘ini saqlashdagi ahamiyatini yanada mustahkamladi. Tadqiqotchilar o‘z xulosalarining ta’lim siyosatiga ta’sir qilishini va til o‘rganishni rag‘batlantirishini kutishmoqda.
