Qirg‘izistonda maktablarda energiyani tejash rejimi joriy etildi. Bu haqda mamlakat Ta’lim vazirligi xabar bergan.
“O‘quv jarayoni tugagandan so‘ng (barcha darslar tugagandan keyin) 60 daqiqadan kechiktirmasdan, sinf xonalarini tozalash vaqtini hisobga olgan holda elektr ta’minoti o‘chirilishi kerak”, deyiladi xabarda.
Mazkur qaror Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 5-noyabrdagi “Elektr energiyasi taqchilligini kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 949-sonli qaroriga muvofiq qabul qilingan.
Ta’lim vazirligi qayd etishicha, energiyani tejash bo‘yicha cheklovlar binolarning ishlashi va ularni saqlab turishga xizmat qiladigan muhandislik tizimlari va uskunalarga nisbatan qo‘llanilmaydi. Yangi choralar o‘quvchilar istiqomat qiladigan yotoqxonalar va boshqa obyektlarga ham tatbiq etilmaydi.
Shu bilan birga, vazirlikning ta’kidlashicha, o‘quv soatlarini qisqartirish yoki dars jadvalini o‘zgartirish rejalashtirilmagan, ya’ni o‘quv jarayoni odatdagidek davom etadi.
Energetika sohasidagi mutaxassislar ma’lum qilishicha, Qirg‘izistonda kuz-qish mavsumida elektr energiyasi tanqisligi kuzatilmoqda. Bunga mamlakatdagi eng yirik To‘xtagul GESni ta’minlaydigan suv omboridagi suv sathining pasayishi sabab bo‘lmoqda.
Respublika Energetika vazirligi elektr energiyasi taqchilligini kamaytirish uchun bir qator qo‘shni davlatlardan, jumladan Rossiyadan elektr import qilishni rejalashtirgan.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov oktabr oyida bergan bayonotida “2,5 yildan keyin mamlakat qishda o‘zini elektr energiyasi bilan to‘liq ta’minlay oladi” degan edi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘iziston 2024-yilda 3,6 milliard kVt/soat elektr energiyasini import qilgan bo‘lib, mamlakat Rossiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmanistondan elektr energiyasi xarid qiladi.
