Raqobat qo‘mitasi xabariga ko‘ra, Buxoro viloyatida faoliyat olib borayotgan Buxoro davlat universiteti hamda Buxoro davlat tibbiyot institutining “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “Energiyasavdo” filiali Buxoro boʻlinmasi harakatlaridan norozi boʻlib hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Ta’kidlanishicha, olib borilgan oʻrganishlar davomida, xizmat koʻrsatuvchi tashkilot tomonidan 2 ta taʼlim tashkilotiga oshirilgan tarif qoʻllanilishi evaziga 1,8 mlrd soʻmdan ortiq qoʻshimcha toʻlov hisoblanganlik holatlari aniqlangan.
Yuqoridagilarga asosan, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “Energiyasavdo” filialiga nisbatan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonun talablari buzilishi yuzasidan ish qoʻzgʻatilib, ishni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha 2 ta subyektga asossiz hisoblangan 1,8 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻ qayta hisob-kitob qilish, mazkur qonun buzilishni bartaraf etish va kelgusida bu kabi kamchiliklarga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berilgan.
Maʼlumot oʻrnida, maxsus komissiyaning ushbu qarori va koʻrsatmasidan norozi boʻlgan tomon Qoʻmitaning Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.
