Iqtidorli maktab o‘quvchilari uchun AQShda barcha xarajatlari qoplanadigan 6 haftalik yozgi dastur — TASS 2026 (Telluride Association Summer Seminar) e’lon qilindi.
Mazkur dastur istiqbolli yoshlarni tanqidiy fikrlash, demokratik qadriyatlarga asoslangan ta’lim hamda jamiyatga xizmat qilishga tayyorlaydigan yetakchilik fazilatlarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan.
Dastur 2026-yil 21-iyundan 25-iyulgacha AQShning Kornell va Merilend universitetlarida o‘tkaziladi. Ishtirokchilar haftaning har kuni 3 soat davom etadigan maxsus mashg‘ulotlarda qatnashadilar. Darslar asosan munozaralar, guruhli ishlanmalar, professor-o‘qituvchilarning ma’ruzalari va interaktiv seminarlar shaklida o‘tkaziladi.
O‘quvchilarning ta’limga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish maqsadida dasturda baholash tizimi joriy etilmaydi.
Dastur yo‘nalishlari
-
TASS-CBS (Critical Black Studies) — tarix, siyosat, adabiyot, sanʼat va Afrika millatiga mansub odamlarning boshqa intellektual va madaniy hissalarini oʻrganadigan seminarlardan iborat.
-
TASS-AOS (Anti-Oppressive Studies) — bunda jamiyatdagi yomon illatlarga qarshi kurash va uni yaxshi tomonga oʻzgartirish yoʻllari koʻrib chiqiladi.
Dastur haqida batafsil ushbu havola orqali tanishib chiqish mumkin.
Maqbullik shartlari
-
Kelib chiqishidan yoki yashash joyidan qat’i nazar, 2009-yil 26-iyuldan 2011-yil 21-iyungacha tug‘ilgan barcha maktab o‘quvchilari qatnashishlari mumkin;
-
Ingliz tilini dasturda faol ishtirok etish darajasida bilish lozim (sertifikat talab qilinmaydi);
-
Nomzodlar bilimga chanqoq, ijtimoiy faol va jamiyatga foyda keltirish istagiga ega bo‘lishlari zarur;
-
Moliyaviy holat dasturga qabul qilinishga ta’sir qilmaydi.
Foydali jihatlar
-
O‘qish, zarur materiallar va kitoblar uchun xarajatlar to‘liq qoplanadi;
-
Bepul turar joy va ovqatlanish bilan ta’minlanadi;
-
Sayohat va boshqa tashkiliy to‘lovlar (facilities fees) moliyalashtiriladi;
-
Tajribali professor-o‘qituvchilar tomonidan ma’ruzalar va seminarlar o‘tkaziladi;
-
Tanqidiy fikrlash, o‘qish va yozish ko‘nikmalari rivojlantiriladi;
-
Demokratik qarorlar qabul qilish va jamiyatda o‘zgarishlar qilish tajribasi shakllantiriladi;
-
Moliyaviy yordamga muhtoj ishtirokchilarga alohida qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi;
- Zarurat tug‘ilganda borish va qaytish aviaxarajatlari to‘liq yoki qisman qoplanadi.
Hujjat topshirish tartibi
Dasturda qatnashishni istaganlar ushbu havola orqali ariza topshirishlari mumkin. Ariza topshirishdan oldin ishtirokchilar oʻzi uchun shaxsiy akkaunt yaratishlari kerak boʻladi.
Ariza topshirishdan avval shaxsiy akkaunt yaratish zarur.
Kerakli hujjatlar:
-
Shaxsiy ma’lumotlar;
-
Aloqa ma’lumotlari;
-
4 ta mavzudan biri bo‘yicha insho (insho dastur uchun eng muhim mezon bo‘lib, nomzodlar undagi fikrlar asosida saralanadi).
Muhim sanalar
-
Ariza topshirishning oxirgi muddati: 2025-yil 3-dekabr;
-
Suhbatlar: 2026-yil fevral oxiridan mart o‘rtalarigacha;
-
Natijalar e’lon qilinadi: 2026-yil 26-mart kuni.
