Savol: Masofadan turib oliy taʼlim olayotgan koʻplab xodimlarni qiziqtirayotgan savollardan biri – imtihon davrida ishdan ozod etilib, maosh saqlangan taʼtil olish huquqi faqat sirtqi va kechki taʼlimdagilardatmi yoki masofaviylarga ham taalluqlimi?
Ayrim korxonalar kadrlar boʻlimlari masofaviy taʼlim olayotganlarga bunday imtiyoz berilishi shart emas, chunki “oʻqish onlaynda, ishdan qolishga ehtiyoj yoʻq” degan bahona bilan rad etish holatlari uchramoqda. Aslida esa masalaga qonunchilik asosida yondashish talab etiladi, zero masofaviy taʼlimdagi talabalarning ham imtihon va yakuniy nazorat jarayonlarida jisman OTMga borishi shart boʻlgan vaziyatlar mavjud.
Amaldagi mehnat qonunchiligiga koʻra, Mehnat kodeksining 385-moddasida nazarda tutilgan kafolat va kompensatsiyalar sirtqi va kechki taʼlim olayotgan xodimlar uchun tatbiq etiladi. Shu bois ushbu moddani masofaviy taʼlim shaklida oʻqiyotganlarga toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllab boʻlmaydi. Biroq bu – ularda umuman imtiyoz yoʻq, degani emas.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 3-oktyabrdagi 559-son qaroriga ilova sifatida tasdiqlangan “Oliy taʼlim muassasalarida masofaviy taʼlimni tashkil etish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 22-bandida muhim qoida belgilangan. Unga koʻra, masofaviy taʼlimni ish bilan uygʻun olib borayotgan talabalarga semestr yakunida yakuniy baholashdan oʻtish, bitiruvchilarga esa davlat attestatsiyasi, bitiruv malakaviy yoki magistrlik ishini himoya qilish uchun 15 kalendar kundan kam boʻlmagan muddatga haq toʻlanadigan taʼtil berilishi shart.
Shunga asosan, masofaviy taʼlimda tahsil olayotgan xodim ham semestr oxirida imtihon va yakuniy nazorat uchun ish joyidan kamida oʻn besh kun maosh saqlangan holda ajratilish huquqiga ega.
Taʼtil rasmiylashtirilishi uchun xodim ish beruvchiga quyidagilarni taqdim etishi kerak:
– oʻqish muassasasidan masofaviy taʼlimda oʻqiyotgani va yakuniy nazorat/attestatsiya muddati koʻrsatilgan maʼlumotnoma;
– OTM tasdiqlagan yakuniy nazorat yoki attestatsiya grafigi.
Maʼlumotnomani olish uchun shaxsan OTMga borish shart emas, uni elektron tarzda my.gov.uz portali orqali yuklab olish mumkin.
Demak, masofaviy taʼlim olayotgan xodim ham qonun asosida imtihon davrida haq toʻlanadigan taʼtilga ega. Faqat ushbu imtiyoz Mehnat kodeksining 385-moddasi emas, balki 559-son qaror bilan tasdiqlangan nizomga tayanilgan holda beriladi.
