Andijon shahridagi 36-umumtaʼlim maktabida texnik spirt isteʼmol qilinishi oqibatida bir kishi vafot etdi. Yana uch kishi zaharlangan.
Maʼlum qilinishicha, 22-oktyabrga oʻtar kechasi 36-umumtaʼlim maktabi binosida direktor va xoʻjalik ishlari bilan shugʻullanadigan ayrim xodimlar laboratoriyada saqlanayotgan texnik spirtni isteʼmol qilgan. Oqibatda maktab xoʻjalik mudiri voqea joyida vafot etgan. Direktor esa ogʻir ahvolda shifoxonaga yetkazilgan. Zaharlangan shaxslar ayni paytda shifoxonada davolanmoqda.
Ushbu maʼlumotni bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayotbek Shamsiddinov tasdiqladi.
Hodisa yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Voqea sabablari va boshqa tafsilotlar aniqlanmoqda.
