Prezidentning PQ–316-son qaroriga ko‘ra, texnikumlarda bir nafar ishlab chiqarish ta’limi ustasiga to‘g‘ri keladigan o‘quvchilar soni nisbatining cheklangan normativi 1:20 nisbatda belgilandi.
Bunda ushbu tizim:
– 2026/2027-o’quv yilida Kasbiy taʻlim agentligi tomonidan tanlangan 50 ta;
– 2027/2028-o‘quv yilidan esa qolgan barcha texnikumlarda joriy etiladi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab ishlab chiqarish ta’limi ustasi shtat birliklari uchun ajratiladigan ish haqi fondini hisoblashda ishlab chiqarish ta’limi ustasi bazaviy tarif stavkasi umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti birinchi malaka toifali o‘qituvchisining bazaviy tarif stavkasiga teng miqdorlarda olinadi.
Shuningdek, texnikum direktoriga ishlab chiqarish ta’limi ustasi shtat birliklari uchun ajratilgan ish haqi fondi doirasida:
– ishlab chiqarish ta’limi ustasi shtat birliklari sonini tasdiqlash;
– mehnat bozorining amaldagi konyunkturasini hisobga olgan holda, umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti birinchi malaka toifali o‘qituvchisining tarif stavkasiga nisbatan har oylik ustama va qo‘shimchalarni mustaqil belgilash huquqi beriladi.
Bunda bir nafar xodimning oylik ish haqi miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 15 baravarigacha belgilanishiga ruxsat beriladi.
