2027-yildan bosqichma-bosqich ishga qabul qilishda malaka sertifikati talab etiladigan tizim yo‘lga qo‘yiladi

2027-yildan bosqichma-bosqich ishga qabul qilishda malaka sertifikati talab etiladigan tizim yo‘lga qo‘yiladi

Prezidentning 2025-yil 23-oktyabrdagi PF-190-son farmoni ijrosi doirasida kasbiy malakani oshirish va mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash maqsadida malaka darajasiga ega xodimlarni ishga qabul qilishning yangi tizimi joriy etiladi.

 

 

Yangi tartibga ko‘ra, 2027-yildan bosqichma-bosqich Mashg‘ulotlarning milliy klassifikatorida belgilangan kasb va lavozimlar bo‘yicha zarur malaka darajasiga ega diplom yoki malaka sertifikati bo‘lgan xodimlar ishga qabul qilinadi.

 

 

Bu tizim quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

 

 

– 2027-yil 1-yanvardan Namangan, Samarqand va Toshkent shaharlari bo‘yicha turizm, kosmetologiya va umumiy ovqatlanish sohalarida;

 

– 2027-yil 1-iyundan shu hududlarda qurilish sohasidagi kasb va lavozimlar bo‘yicha;

 

– 2028-yil 1-yanvardan butun respublika bo‘yicha barcha kasb va lavozimlar uchun tatbiq etiladi.

 

 

Shuningdek, norasmiy va informal ta’lim orqali yoki amaliy tajriba asosida egallangan ko‘nikmalar ham malakani baholash markazlari tomonidan baholanish orqali tan olinadi.

 

 

Mazkur tizim kasbiy malaka talablarini aniqlashtirish, mehnat bozorida malakali mutaxassislar ulushini oshirish va ta’lim sifatini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.