Toshkent shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi 1-son Respublika jamoat salomatligi texnikumi negizida Germaniya tibbiyot akademiyasi ish boshladi.
Toshkent shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu loyiha Migratsiya agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Germaniyaning Aaxen universitet klinikasi hamda Shveysariyaning Globogate Concept AG kompaniyasi hamkorligida amalga oshirilgan.
Ta’kidlanishicha, bitiruvchilar ikki davlat tomonidan tan olinadigan diplomga ega bo‘ladilar va Germaniyada yuqori maoshli hamshiralik faoliyatini boshlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Globogate Concept AG bosh ijrochi direktori Song Vu Paining so‘zlariga ko‘ra, dastlabki ikki yil nemis tili chuqur o‘rgatiladi, uchinchi yilda esa hamshiralik va parvarish yo‘nalishidagi maxsus kasbiy fanlar o‘qitiladi.
Mazkur akademiya tashkil etilishi Prezidentning 2023-yil 20-iyundagi “Ma’muriy islohotlar doirasida sog‘liqni saqlash sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangandi.
