‘‘Bu kasb egalari kelajakda oltinday qadrlanadi’’: tayvanlik milliarder talab eng yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarni sanab o‘tdi

‘‘Bu kasb egalari kelajakda oltinday qadrlanadi’’: tayvanlik milliarder talab eng yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarni sanab o‘tdi

Nvidia kompaniyasi bosh direktori Jensen Xuangning so‘ziga ko‘ra, yoshlar orasida ish topish qiyinlashgani haqida shikoyatlar ko‘paygan bo’lsa-da, ayrim sohalarda hozirdanoq minglab yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.

 

 

Biznesmen Jensen Xuangning Channel 4 News telekanaliga bergan intervyusida ta’kidlashicha, ma’lumotlarni qayta ishlash sohasidagi tez sur’atli o‘sish natijasida texnik mutaxassislarga talab oshgan. U yoshlarni kasb-hunar ta’limiga e’tibor qaratishga chaqirgan.

 

“Agar siz elektrchi, santexnik yoki duradgor bo‘lsangiz — bizga bunday mutaxassislardan yuz minglab kerak bo‘ladi, chunki aynan ular bu zavodlarni quradi,” — degan u.

 

Milliarderning bildirishicha, har bir mamlakat iqtisodiyotida malakali mehnat sohalari keskin rivojlanadi. Masalan, quruvchilar oliy ma’lumotga ega bo‘lmasdan ham yiliga 100 ming dollardan ortiq daromad topishlari mumkin.

 

 

Fortune nashri ma’lumotiga ko‘ra, Nvidia kompaniyasi OpenAI‘ga 100 milliard dollar sarmoya kiritgan bo‘lib, bu mablag‘ sun’iy intellekt sohasidagi ishlanmalarni rivojlantirish hamda ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan. McKinsey tahlillariga ko‘ra, 2030-yilga borib ushbu markazlarga global sarmoyalar hajmi 7 trillion dollarga yetadi.

 

 

Shuningdek, 25 ming kvadrat metr maydonga ega bitta ma’lumotlar markazi qurilish jarayonida 1 500 nafar ishchini ish bilan ta’minlashi mumkin. Qurilish yakunlangach, obyektni o‘rtacha 50 nafar xodim boshqaradi. Bundan tashqari, bitta ish joyi atrofdagi iqtisodiyotda o‘rtacha yana 3,5 ta yangi ish o‘rni yaratishga turtki bo‘ladi.

 

 

Boshqa bir intervyusida biznesmen, agar unga yana 20 yosh bo‘lganida, u dasturlash emas, balki tabiiy va aniq fanlarga asoslangan yo‘nalishni tanlagan bo‘lardi, deb aytgan.

 

“Agar hozir 20 yoshli Jensen o‘qishni endigina tamomlaganida, u ehtimol dasturlash emas, balki fizik fanlarga ko‘proq e’tibor bergan bo‘lardi,” — degan u.