AQSHga xorijlik talabalar oqimi keskin kamaymoqda

AQSHga xorijlik talabalar oqimi keskin kamaymoqda

So‘nggi to‘rt yil ichida AQSHga chet ellik talabalar oqimi eng past darajaga tushdi. Bloomberg’ning AQSH Xalqaro savdo ma’muriyati ma’lumotlariga tayangan xabariga ko‘ra, avgust oyida viza bilan kelgan xorijlik talabalar soni o‘tgan yilga nisbatan 19 foizga kamayib, 313 mingdan biroz ko‘proqni tashkil etdi.

 

 

Eng katta qisqarish Osiyodan keluvchi talabalar orasida kuzatildi: ularning soni 24 foizga kamayib, 191 ming nafarni tashkil etdi. Hindistonlik talabalar oqimi 45 foizga, xitoyliklar esa 12 foizga kamaygan.

 

 

Presidents’ Alliance on Higher Education and Immigration tashkiloti rahbari o‘rinbosari Zuzana Tsepla-Vutsonning ta’kidlashicha, bu jarayon davom etsa, uning salbiy ta’siri nafaqat universitetlar va talabalarga, balki AQSH iqtisodiyotiga ham sezilarli bo‘ladi.

 

 

Xalqaro ta’lim arboblari assotsiatsiyasi prognoziga ko‘ra, kuzda yangi xorijlik talabalar soni 40 foizga qisqarishi mumkin, bu esa universitetlarga taxminan 7 milliard dollarlik zarar keltiradi. O‘tgan o‘quv yilida esa chet ellik talabalar mamlakat iqtisodiyotiga 44 milliard dollardan ortiq hissa qo‘shib, 400 mingga yaqin ish o‘rni saqlanib qolishiga yordam bergan.

 

 

Mazkur pasayish Donald Tramp ma’muriyatining immigratsiya siyosatini qat’iylashtirish choralari, jumladan, H-1B vizasi uchun 100 ming dollarlik yangi to‘lovni joriy etish tashabbusi bilan ham bir vaqtda yuz bermoqda.