Bugungi kunga qadar malaka test sinovlaridan 87 nafar pedagog chetlashtirilgan.
Bu haqda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining rasmiy Facebook sahifasida pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish jarayonlari hamda xalqaro tan olingan va milliy baholash tizimidagi sertifikatlarga ustama berish tartibiga bagʻishlangan jonli muloqotda ma’lum qilindi.
Muloqot jarayonida shuningdek, pedagoglar tomonidan malaka (test) sinovlariga qanday shakldagi taqiqlangan vositalari olib kirilayotgani ham ochiqlandi.
Qayd etilishicha, sinov jarayonlarida o‘qituvchilarning yoqalar ostiga yashiringan kichik kamera orqali quloqlarga quloqchin tiqqan holda aloqa vositalaridan foydalanish holatlari uchramoqda.
Shuningdek, ba’zi hududlarda to‘g‘nog‘ich ichiga o‘rnatilgan kamera, plastik ko‘rinishidagi maxsus kamerasi mavjud kichik quloqchinlardan ham foydalanilgan.
“Metall detektor topa olmaydigan qurilmalardan foydalangan taqdirda ham ichkarida kuzatuvchilar bor. Kameralar orqali o‘qituvchilar doimiy tarzda onlayn kuzatib borilmoqda.
Ko‘p o‘qituvchilarimiz avvalgi kunlari chetlashtirilganligiga qaramasdan yana ushbu holatda kirib kelishmoqda.
O‘qituvchilardan nomlariga dog‘ tushiradigan, sha’nlariga to‘g‘ri kelmaydigan bunday xatti-harakatga yo‘l qo‘ymasliklarini so‘rab qolamiz”, deydi vazirlik mutasaddisi jonli muloqot davomida.
Ta’kidlash lozim, Vazirlar Mahkamasining tegishli (17.09.2021 yildagi 572-son) qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, pedagog sinov o‘tkazilayotgan auditoriyaga har qanday adabiyot, shpargalka yoki telekommunikatsiya va texnika vositalarini olib kirgan holat jarayonlardan chetlatiladi.