Xabaringiz bor, joriy yilning yanvar-iyun oylarida o‘tkazilgan pedagog kadrlar attestatsiyasi natijalariga ko’ra, 4 199 nafar pedagog 86 va undan yuqori ball to’plab oliy va birinchi malaka toifasiga erishgan (yoki saqlagan) bo’lib, ularning bazaviy tarif stavkalariga qo’shimcha 70 foiz ustama belgilangan.
Shu boisdan, Hukumatning 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-son qarorining 48.1-bandiga (‘‘…ish haqlari sertifikat generatsiya qilingan kundan boshlab qayta hisoblanadi.’’) asosan, bu toʻgʻrisida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining hududiy boshqarmalarga 22-avgustdagi 05-14-5803 sonli koʻrsatma xati yuborilgan.
Ko’rsatma xati bilan tanishish
Nizomning 48-bandiga muvofiq, pedagog kadrlarning bazaviy tarif stavkalari miqdori, ularning malaka toifasi yoki lavozimi sertifikat asosida belgilanadi hamda ularning ish haqlari sertifikat generatsiya qilingan kundan boshlab qayta hisoblanadi.
Pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish va malaka toifalari berish tizimi xalqaro e’tirof etilgan vakolatli xorijiy tashkilotlarning akkreditatsiyasidan o‘tkazilgandan so‘ng attestatsiyada ishtirok etib, 86 va undan yuqori ball olgan pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga qo‘shimcha 70 foiz ustama belgilanadi.
Bunda qo‘shimcha ustama faqat malaka sinovida (ikkala bosqichda) ishtirok etib, oliy va birinchi malaka toifasiga erishgan (yoki saqlagan) pedagoglarga beriladi. Belgilangan darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lganligi sababli navbatdagi majburiy attestatsiyada mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasini aniqlash hamda o‘quv fani bo‘yicha malaka sinovidan berilgan maksimal ball e’tiborga olinmaydi. Ushbu pedagoglar hamda majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydigan malaka toifasiga ega pedagog kadrlar o‘z xohishiga ko‘ra navbatdan tashqari attestatsiyada ishtirok etish orqali ustamaga ega bo‘lishlari mumkin.
Ustamaning amal qilish muddati ikki yil bo‘lib, muddat yakunlangandan so‘ng ustama uchun sinovlarda qayta ishtirok etish mumkin bo‘ladi.
Attestatsiyadan o‘tganlik muddati tugagan va navbatdagi majburiy attestatsiyadan ozod etilmagan pedagog kadrlarga mutaxassis (oliy ma’lumotli o‘qituvchi) lavozimi bo‘yicha haq to‘lanadi.
Shuningdek, attestatsiyadan o‘tganlik muddati tugab, mutaxassis (oliy ma’lumotli o‘qituvchi) lavozimi bo‘yicha haq to‘lanayotgan pedagog kadrlar navbatdagi majburiy attestatsiyaga oxirgi olgan malaka toifasi (lavozimi) bo‘yicha jalb qilinadi.
