2023–yilda farzandi ta’limida mas’uliyatsizlik qilgan 12 mingdan ziyod ota-ona jarimaga tortildi - Ta’lim xabarlari
2023–yilda farzandi ta’limida mas’uliyatsizlik qilgan 12 mingdan ziyod ota-ona jarimaga tortildi

O‘zbekistonda o‘quvchilarning 14 mingdan ziyodi maktabga muntazam bormayotgani aniqlandi, deya ma’lum qildi Maktab vazirligi boshqarma boshlig‘i. Ularning 9 mingdan ortig‘i ta’limga qaytarildi. 2023 yilda farzandining ta’lim-tarbiyasida mas’uliyatsizlik qilgan 12 mingdan ortiq ota-ona javobgarlikka tortildi.

 

 

 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Azamat Kamolovning aytishicha, ba’zi ota-onalar farzandini xorijga olib chiqib ketishi yoki ularni nazoratsiz qoldirishi oqibatida maktabga muttasil bormaydigan o‘quvchilar qatlami shakllangan.

 

«O‘zbekistonda umumiy o‘rta ta’lim majburiy ta’lim hisoblanadi. Biz surunkali dars qoldiruvchi o‘quvchilar bo‘yicha o‘rganishlar olib borganimizda ayrim ota-onalar „uch kunlik safar“, „davolanishga ketyapmiz“ degan turli sabablarni ko‘rsatib, farzandini xorijga olib chiqib ketgan holatlar aniqlandi. Natijada bola surunkali ravishda maktabga kelmaydi. Aslida, ota-ona voyaga yetmagan, aniqrog‘i, maktab yoshidagi farzandini xorijga ta’til vaqtida olib chiqishi va bundan maktab ma’muriyatini xabardor qilishi kerak. „O‘qib olim bo‘larmidi? Men bilan birga ishlab, oilamiz iqtisodiga ko‘maklashadi“ degan qarashlar bilan farzandini dars vaqtida maktabga emas, ishlashga jalb qilayotgan ota-onalar ham yo‘q emas. Shuningdek, ota-ona nazorat qilmasligi oqibatda uydagilarga „maktabga ketdim“, deb internet-kafe yoki boshqa ko‘ngilochar joylarda vaqt o‘tkazadigan o‘quvchilar borligi ham aniqlanmoqda. Mana shu kabi jarayonlarda o‘quvchilarni ta’limga qaytarish, oilalar va ota-onalar bilan ishlash bevosita inspektor-psixologlar ning zimmasiga yuklatilgan», — deydi u.

Vazirlik vakili «Ta’lim sifatidan qoniqmay, maktabga emas, repetitorga borayotgan yoki sinfxonalar sovuqligi, yo‘llarning abgor ahvoldaligi sabab darslarda ishtirok etmayotgan o‘quvchilar bo‘yicha ham tahlillar mavjudmi?» degan savolga quyidagicha javob berdi:

«Kuzatuv tahlillarimizga ko‘ra, repetitorga, asosan, 10−11-sinf o‘quvchilari xorijiy tillarni o‘rganish yoki oliy o‘quv yurtiga kirishda bo‘ladigan test sinovlariga doir fanlardan tayyorlanishga boryapti. To‘g‘ri, o‘quvchilarning maktabga muntazam kelishi, davomatning yaxshi bo‘lishi ta’lim sifatiga va jozibadorlikka ham bog‘liq. Bugungi kunda ta’lim sifatini yaxshilash borasida ishlar qilinmoqda. Maktablarda ham ingliz tili darslari o‘tilyapti. Lekin o‘quvchi ota-onaning mablag‘ini olib, o‘quv markaziga borib, qo‘shimcha o‘rganyapti. Mana shu kabi muammolarni hal qilish uchun o‘tgan yili 500 nafar xorijiy til mutaxassislari chet eldan olib kelindi. Ular Respublika bo‘ylab turli maktablarda xorijiy tilni o‘qitmoqda, barchasining yashash joyi, maoshi davlat tomonidan qoplanmoqda. 2024−2025 o‘quv yilidan boshlab chet tilini o‘rgatish uchun xorijdan yana 1,5 ming nafar malakali mutaxassis olib kelinadi. Bu esa o‘quvchilarning o‘quv markazlariga borishining oldini oladi. Davlat maktablarda umumiy o‘rta ta’lim uchun hammaga teng sharoitni yaratdi. Ayrim ijtimoiy muammolar, albatta, mahalliy hokimliklar ko‘magida hal bo‘ladi. Bu masalalar sababli o‘quvchi darsga kelmasa, inobatga olinadi», — deydi vazirlik boshqarma boshlig‘i.

Ta’kidlanishicha, oxirgi tahlillarga ko‘ra, 6 million o‘quvchidan 14 ming nafardan ziyodi muttasil ravishda darsga kelmayotgani aniqlangan.

 

2023-yilda farzandi tarbiyasida mas’uliyatsizlik qilgan 12 mingdan ortiq ota-ona Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi 1-qismi (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bilan javobgarlikka tortilgan.

Add a Comment

Your email address will not be published.

Mavzuga oid​

Telegram kanalga a’zo bo’lgan holda yangiliklar to'g'ridan-to'g'ri xabardor bo’ling!

Hamkorlarimiz

По теме

Станьте участником Telegram-канала и будьте в курсе новостей напрямую!

Наши партнеры