Rossiya Federatsiyasi Tatariston Respublikasi Yoshlar ishlari vazirligi, Islom Hamkorlik Yoshlar Forumi (ICYF) va bir qator hamkor tashkilotlar birgalikda Kazan Global Youth Summit — Qozon Global Yoshlar Sammitining to‘rtinchi mavsumini tashkil etmoqda. Ushbu tadbir 2025-yil 27–30-avgust kunlari Tatariston poytaxti Qozon shahrida o‘tkaziladi.
Sammitning maqsadi va ahamiyati:
Qozon Global Yoshlar Sammiti yoshlarga o‘zlarining global siyosiy qarashlarini shakllantirishda, muhokama va harakatlarda faol ishtirok etishda yordam beruvchi yetakchilik markazi hisoblanadi. Tadbir ishtirokchilarga shaxsiy rivojlanish imkoniyatini yaratish bilan birga, turli mintaqalar va madaniyatlar vakillari bilan tajriba almashish uchun platforma taqdim etadi.
Muhokama qilinadigan asosiy mavzular:
Raqamli texnologiyalar va ularning jamiyatga taʼsiri;
Yoshlar siyosatida zamonaviy usullar va vositalar;
Globallashuv sharoitida anʼanaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirish.
Sammit yoshlar siyosati sohasidagi rahbarlar, xalqaro tashkilot vakillari, yetakchi yoshlar va ekspertlarni bir joyga to‘plab, ularning ilg‘or tajribalarini almashish va IHT (Islom Hamkorlik Tashkiloti) mintaqasidagi yoshlar o‘rtasida samarali hamkorlikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan.
Dasturga qabul shartlari:
Ishtirokchilar IHT aʼzo va kuzatuvchi davlatlari, BRIKS mamlakatlari hamda Osiyo-Tinch okeani mintaqasidan bo‘lishi mumkin (O‘zbekiston ham ro‘yxatda mavjud);
Yosh chegarasi 18 dan 35 yoshgacha bo‘lishi lozim;
Ingliz tilini B2–C1 darajada bilish talab etiladi;
Kuchli yetakchilik fazilatlariga ega, masʼuliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor, akademik va ijtimoiy faol bo‘lishi muhim;
Ishtirokchilar forumda ishlab chiqilgan loyihalarni o‘z mamlakatlarida targ‘ib qilishga tayyor bo‘lishlari kerak.
Dastur ishtirokchilariga beriladigan imtiyozlar:
Turar joy, ovqatlanish va transport xarajatlari to‘liq qoplanadi;
4 kun davom etadigan sammitda bepul qatnashish huquqi;
Butun dunyodan kelgan yosh yetakchilar bilan tarmoq aloqalarini o‘rnatish va mustahkamlash imkoniyati.
Qanday qatnashish mumkin?
Ishtirok etish uchun onlayn ariza formasini to‘ldiring.
Rasmiy havola bu yerda .
