25-may kuni boʻlib oʻtadigan «Soʻnggi qoʻngʻiroq» tadbirlarida maktablarda vals tushishni taqiqlash boʻyicha topshiriq yuborilmagan. Bu haqda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi axborot xizmati maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, 25-may sanasiga yaqin vazirlik tomonidan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻquv yilini yakunlash va «Soʻnggi qoʻngʻiroq» tadbirlarini yuqori saviyada tartibli oʻtkazish hamda oʻquvchilar xavfsizligini taʼminlash maqsadida tegishli tavsiyalar hamda tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha namunaviy ssenariylar tayyorlanib, taʼlim tashkilotlariga yetkaziladi.
Unga koʻra, «Soʻnggi qoʻngʻiroq» tadbirlarini ota-onalar, sobiq bitiruvchilar va keng jamoatchilik ishtirokida oʻtkazish, maktablarda tashkil etilgan «Turon» maktab teatri hamda «Iqtidor» ansambllari aʼzolari tomonidan tayyorlangan oʻquvchilarning turli sahna koʻrinishlari va badiiy kompozitsiyalarni namoyish etish tavsiya qilinadi.
«Mazkur tavsiyalarda vazirlik tomonidan maktablarda «Soʻnggi qoʻngʻiroq» tadbirlari davomida oʻquvchilarning valsga tushishlarini taqiqlash boʻyicha alohida topshiriq yoki koʻrsatma berilmagan», — deyiladi vazirlik axborotida.
Ammo ayrim ota-onalar tomonidan maktab maʼmuriyatlariga «Soʻnggi qoʻngʻiroq» tadbirlarida farzandlarining taʼlim olishiga umuman aloqasi boʻlmagan raqs (vals)ga tushishlariga qarshiliklar boʻlib, eʼtirozlar bildirilmoqda.
«Bu qaysidir tor doiradagi guruhlar yoki yoshlar tomonidan oʻylab topilgan «anʼana» tufayli ayrim umumtaʼlim maktablarida asosiy maqsadi bilim olish boʻlgan bitiruvchi sinf oʻquvchilari «Soʻnggi qoʻngʻiroq» tadbirlarida 2−3 oy oldindan vals tushish uchun turli raqs toʻgaraklariga qatnab, vals tushishni oʻrganayotganligi yoki oʻsha tadbir uchun alohida qimmatbaho liboslar tiktirish uchun buyurtmalar berilayotganligi oʻz navbatida koʻplab ota-onalarning haqli noroziligiga sabab boʻlmoqda. Darhaqiqat, maktab bu taʼlim maskani, oʻquv yilini yakunlariga bagʻishlab oʻtkaziladigan tadbir — bu eng avvalo maʼrifat bayrami, taʼlim bergan ustozlarga ehtirom koʻrsatish bayrami hisoblanadi», — deydi mutaxassislari.
«Mazkur tadbirga bitiruvchi sinf oʻquvchilarining vals tushishining hech bir mantiqan bogʻliqligi yoʻq. Shuning uchun maktab rahbariyati tomonidan ota-onalarning haqli eʼtirozlarini inobatga olgan holda «Soʻnggi qoʻngʻiroq» tadbirlarida taʼlimga aloqasi boʻlmagan oʻquvchilarni valsga tushish «anʼana»lariga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha tadbir ssenariylariga tegishli taqiqlovchi talablar kiritilishi mumkin», — deya qoʻshimcha qilingan vazirlik xabarida.
«Soʻnggi qoʻngʻiroq»ga oid qanday tavsiyalar ishlab chiqilgan?
Vazirlik tomonidan «Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida 2024−2025 oʻquv yilini yakunlash va «Soʻnggi qoʻngʻiroq» tadbirlarini oʻtkazish boʻyicha tavsiyalar» ishlab chiqilgan. Bunda:
– Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida tadbirni 2025-yilning 25-may kuni ertalab soat 8:00 dan 9:00 ga qadar tashkil etish;
– tadbirni tartibli oʻtkazish va oʻquvchilar xavfsizligini taʼminlash maqsadida ular sonidan kelib chiqqan holda ushbu tadbirga faqatgina 1-,4-, 9-, 11-sinf oʻquvchilari jalb etish;
– tadbirni tartibli oʻtishini taʼminlash maqsadida mahalla faollari, ota-onalar va huquqni muhofaza qilish vakillari bilan hamkorlikda maktabning hovlisi, bogʻida yoki soya-salqin ochiq maydonlarida oʻtkazish hamda maktab hududiga texnika vositalari va begona shaxslarning kiritilmasligini taʼminlash;
– tadbirlar oʻtkaziladigan joylarni talab darajasida jihozlash, gigiyena va tozalik talablariga muvofiq sharoitlar yaratish, yongʻin va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilingan holda oʻquvchilar xavfsizligini taʼminlash;
– maktab rahbariyati tomonidan tadbir ishtirokchilarini tabriklash jarayonida yurtimizda soʻnggi yillarda erishilgan yutuqlar, amalga oshirilgan keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari, “Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot yili»da taʼlim tizimidagi islohotlar toʻgʻrisida aniq raqam va dadillar keltirilgan holda maʼlumot berish;
– tadbirga faxriy oʻquvchilar, ota-onalar, kasaba uyushmasi, mahalla va hamkor tashkilotlar, shuningdek, oʻrnak boʻladigan maktabning sobiq bitiruvchilarini taklif yetgan holda ular tomonidan bitiruvchilarga bayram tabrigi va tilaklarini bildirishlarini tashkil etish;
– tadbirda yil davomida namunali xulq va aʼlo baholarga oʻqib, eng yuqori reyting koʻrsatkichlariga erishgan iqtidorli bitiruvchilarni taqdirlash va ragʻbatlantirish;
– maktab hayotida faol ishtirok etayotgan, shuningdek, odob-axloqi, intiluvchanligi bilan tengdoshlariga oʻrnak boʻlayotgan oʻquvchilarning ota-onalariga «Eng faol ota», «Jonkuyar ona», «Masʼuliyatli ota-ona», «Aʼlochi oʻquvchi otasi», «Bilimli qiz onasi» kabi nominatsiyalari boʻyicha tashakkurnomalar berish tavsiyalari berilgan.
Nimalar taqiqlangan?
Vazirlik axborotida taʼkidlanishicha, «Soʻnggi qoʻngʻiroq» tadbirlari munosabati bilan quyidagi tadbirlarni tashkil etish qatʼiyan taqiqlanadi:
– restoran va kafelar hamda xonadonlarda “Bitiruv oqshomlari” oʻtkazish uchun ota-onalardan pul yigʻish;
– bitiruv tadbirlarida oʻquvchilaridan qimmatbaho sovgʻalar uchun pul yigʻish, bitiruv kechalariga atab qimmat kiyimlar olish, restoranlarda oʻtkazish;
– «Soʻnggi qoʻngʻiroq» tadbirlarini, bosqichli nazorat imtihonlari va yakuniy davlat attestatsiyalarini oʻtkazishda, taʼlim muassasalarini yangi oʻquv yiliga tayyorlash borasida oʻquvchi va bitiruvchilar hamda ularning ota-onalaridan turli xil pul yigʻimlariga yoʻl qoʻymaslik;
– oʻquvchilarning guruh-guruh boʻlib xiyobonlar, istirohat bogʻlari, choʻmilish havzalariga borib, turli koʻngilsiz holatlarni keltirib chiqarishining oldini olish shart.
Eslatma! Agar oʻquvchilar vals tushish masalasida taqiqqa uchrasa, hukumat idorasining ishonch telefoni: 71 202 09 09 ga qoʻngʻiroq qilishlari mumkin.
