Xorazmda ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun bepul tayyorlov kurslari tashkil qilindi

Xorazmda ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun bepul tayyorlov kurslari tashkil qilindi

Xorazm viloyatida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun oliy ta’limga kirishga tayyorlov maqsadida bepul kurslar tashkil etildi. Urganch davlat universiteti tashabbusi bilan Bogʻot, Gurlan va Qoʻshkoʻpir tumanlarida o‘tkazilayotgan darslarda hozirda 171 nafar bitiruvchi sinf o‘quvchilari ishtirok etmoqda.

 

Universitetning malakali professor-o‘qituvchilari 11 ta asosiy fan yo‘nalishi bo‘yicha darslar olib bormoqda. Loyiha doirasida moliyaviy imkoniyati cheklangan, lekin yuqori intellektual salohiyatga ega yoshlarning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, ularning oliy o‘quv yurtlariga kirishiga ko‘maklashish maqsad qilingan.

 

Bu tashabbus Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024-yil 13-dekabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar doirasida amalga oshirilmoqda. O‘sha yig‘ilishda yoshlarni tayyorlov kurslari orqali umumta’lim fanlari bo‘yicha bilimlarini oshirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish topshirig‘i berilgan edi.

 

 

Mazkur bepul kurslar nafaqat ijtimoiy tenglikni ta’minlash, balki hududlarda ta’lim sifati va kirish imtihonlari natijalarini yaxshilashga ham xizmat qilishi kutilmoqda.