Qashqadaryoda maktab direktori o‘quvchilarga majburiy forma qildirish, ota onalardan 70 ming so‘mdan olish kerakligini talab qilganligi haqida video tarqalgandi.
Mazkur holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, Qarshi shahridagi 23-sonli maktab direktori F.Shuhratova maktab oʼqituvchilariga 2025-yilning 21- yanvar kuni maktabning telegram guruhiga vediomurojaat qilib, barcha oʼquvchilarga “jaket” olinishi maqsadida koʼrsatma bergani aniqlangan.
Natijada maktab direktori F.Sh. ga nisbatan boshqarma boshligʼining 2025 yil 22-yanvardagi tegishli buyrugʼiga asosan oʼrtacha oylik ish haqining yigirma besh (25%) foiz miqdorida “Jarima” intizomiy jazo chorasi qoʼllanilgan.
Ma’lumot uchun, oʻquvchilarning maktab formasi va uni kiyishga boʻlgan yagona talablar Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-avgustdagi 666-sonli qarori bilan tartibga solingan. Shuningdek, vazirlikning 2023-yil 31-avgustdagi 282-sonli buyrugʻi bilan oʻquvchilarini kiyinish madaniyati boʻyicha oʻz tavsiyalarini barcha maktablarga yetkazgan va shu asosida ular tomonidan ichki tartib-intizom qoidalari ishlab chiqilgan.
Eslatma! Taʼlim tashkilotida majburiy tartibda oʼquvchilarni forma kiyishiga doir pul mablagʼlarini yigʼish, tashkil etish, qatʼiyan taqiqlanadi.