O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-son qarori bilan xorijiy tillardan milliy va xalqaro sertifikatga ega davlat boshqaruv idoralarining barcha bo‘g‘inlari xodimlariga lavozim maoshiga nisbatan 20 foizgacha qo‘shimcha ustama to‘lash 2025-yil 1-yanvardan boshlab to‘xtatilganligi haqida xabar bergan edik.
Ushbu qarorda faqatgina davlat boshqaruv idoralarining xodimlari haqida so‘z borgan, ya’ni, bu xorijiy til o‘qituvchilariga taalluqli emas. Ammo xabar noto‘g‘ri talqin qilinib, ayrimlar uni xorijiy til o‘qituvchilariga ustama to‘lash ham to‘xtatiladi, deb tushungan.
Xorijiy til o‘qituvchilariga to‘lanadigan ustamalar miqdori kamaydimi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-134-sonli farmoniga ko‘ra Bilim va malakalarni baholash agentligining xalqaro standartlar talablariga javob bermaydigan milliy baholash tizimida chet tili bo‘yicha olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga har oylik qo‘shimcha ustama quyidagicha to‘lanishi belgilangan:
– 2025-yil 1-yanvarga qadar — ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorda;
– 2025-yil 1-yanvardan boshlab — ularning tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorda.
Shu sababli, 2025-yil 1-yanvardan milliy sertifikatga ega bo‘lgan xorijiy til o‘qituvchilariga to‘lanadigan 50 foizlik ustamalar endilikda, 20 foizga tushirildi.
Ayrim xorijiy til o‘qituvchilari uchun 50 foizlik ustama to‘lash davom ettiriladimi?
Muhim! Agar xorijiy til o‘qituvchisi xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lsa, ularga 50 foiz miqdorida ustama to‘lash davom etaveradi. Bunda xalqaro standartlar talablariga javob beradigan milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega bo‘lgan xorijiy til o‘qituvchilariga ham 50 foiz miqdorida ustama to‘lanaveradi.
Faqat buning uchun, milliy baholash tizimining xalqaro standartlar talablariga javob berishi vakolatli xalqaro tashkilotlar tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi lozim.
Ya’ni, xorijiy til o‘qituvchisi faqat O‘zbekistonda tan olinadigan, BMBA tomonidan berilgan, milliy sertifikatga ega bo‘lsa, ularga endilikda, 2025-yil 1-yanvardan boshlab 20 foiz ustama to‘lanadi. Agar u xalqaro darajadagi sertifikatga ega bo‘lsa, 50 foizlik ustamasi saqlanib qolaveradi.
Eslatma! Pedagog xodimlarga ustama belgilashda qo‘llaniladigan xorijiy tillarni bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar ro‘yxati Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 4-apreldagi 4-q/qarori va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2024-yil 2-apreldagi 3-mh-son qarori bilan tasdiqlangan. Quyidagi fayl orqali sertifikatlar bilan tanishishingiz mumkin:
18 105