Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab- quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi 37-son Farmoni 12-bandiga koʻra 2025-yil 1-yanvardan boshlab Bilim va malakani baholash agentligi tomonidan berilgan milliy sertifikatga ega “Ona tili va adabiyot hamda Tarix” fani oʻqituvchilariga 50 foiz miqdorida ustama toʻlanishi belgilangan.
Bilim va malakani baholash agentligi tomonidan berilgan ona tili va adabiyot (oʻzbek tili va adabiyot, rus tili va adabiyot, qoraqalpoq tili va adabiyoti) sertifikatlari uchun 50 foiz miqdorida ustama toʻlanadi.
Bunda:
– taʼlim tili oʻzbek tili boʻlgan maktablarda dars beruvchi pedagoglarga oʻzbek tili va adabiyoti sertifikati uchun ona tili va adabiyot faniga;
– taʼlim tili rus tili boʻlgan maktablarda dars beruvchi pedagoglarga rus tili va adabiyoti sertifikati uchun ona tili (rus tili) va adabiyoti faniga;
– taʼlim tili qoraqalpoq tili boʻlgan maktablarda dars beruvchi pedagoglarga qoraqalpoq tili va adabiyoti sertifikati uchun ona tili (qoraqalpoq tili) va adabiyoti faniga tegishli dars soatlari uchun ustama toʻlanadi.
Yaʼni yuqoridagi Farmon talablaridan kelib chiqib, ona tili va adabiyoti hisoblangan fanlar uchun dars berayotgan oʻqituvchilarga fan soatlari uchun 50 foiz miqdorida ustama toʻlanadi.
Shuningdek, boshlangʻich taʼlimda ona tili boʻyicha dars beruvchi ustozlarga sinflar kesimida quyidagi fan soatlari uchun 50 foiz miqdorida ustama toʻlanadi:
– 1-sinfda oʻquv yilining 1-2-choraklarida 4 soat “Alifbe”, 4 soat “Yozuv”, 3-4-choraklarida 4 soat “Ona tili”, 4 soat “Oʻqish savodxonligi” fani;
– 2-4-sinflarda 4 soatdan “Ona tili”, 3 soatdan “Oʻqish savodxonligi” fani.
Eslatma! Oʻzbek tili (davlat tili) fanidan dars beruvchi pedagoglarga (barcha qardosh tillarga) esa ularning tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida ustama toʻlanadi. Oʻzbek tili (davlat tili) fanidan dars beruvchi pedagoglarga 50 foiz miqdorida ustama toʻlab berilmaydi.
