2025-yil 1-fevraldan boshlab vasiylik va homiylik boʻyicha komissiyalar faoliyati tugatiladi

2025-yil 1-fevraldan boshlab vasiylik va homiylik boʻyicha komissiyalar faoliyati tugatiladi

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi 893-sonli qarori bilan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni joylashtirish shakllari boʻyicha ayrim normativ-huquqiy hujjatlar tasdiqlandi.

 

 

Qarorga asosan:

 

 

–  2025-yil 1-fevraldan boshlab tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar masalalari boʻyicha vasiylik va homiylik boʻyicha komissiyalar faoliyati tugatiladi;

 

 

–  bolalarni muqobil joylashtirish shakllari boʻyicha joylashtirish (bundan farzandlikka va tutingan (foster) oilaga olish mustasno) “Inson” markazlarining, oilaviy bolalar uyini tashkil etish va tugatish esa Ijtimoiy himoya agentligining hududiy boshqarmasining qarori asosida amalga oshiriladi;

 

 

–  yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar tutingan (foster) oilaga “Inson” markazlari va bolani tarbiyaga olgan shaxslar oʻrtasida tuziladigan shartnoma asosida joylashtiriladi;

 

 

–  yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni oilaga tarbiyaga (patronat) olgan tutingan ota-onalarga har oylik toʻlovlar toʻlash hamda bolalarni kiyim-bosh va poyabzal bilan taʼminlash xarajatlari 2025-yildan boshlab Ijtimoiy himoya milliy agentligiga respublika byudjetidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.

 

 

Shuningdek, qarorga asosan, quyidagilar tasdiqlandi:

 

– Oʻzbekiston Respublikasida voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan vasiylik va homiylik organi toʻgʻrisidagi nizom;

 

–  Voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan vasiylik va homiylik belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizom;

 

–  Yetim bolalar va ota-ona qaramoqidan mahrum boʻlgan bolalarni farzandlikka olish tartibi toʻgʻrisidagi nizom;

 

–  Bolalar uylari toʻgʻrisidagi nizom;

 

–  Mehribonlik uylari toʻgʻrisidagi nizom;

 

–  Kichik hajmli bolalar uylari toʻgʻrisidagi nizom.