Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari mahalliy mehnat bozorida ishchi kuchiga boʻlgan talabni mutaxassisliklar kesimida oʻrgandi.
Tahlil jarayonida 180 ta tuman va shaharda istiqomat qiluvchi 7843 nafar ish beruvchi ishtirokida 172 ta mutaxassislik kesimida soʻrov oʻtkazildi.
Bugungi kunda Oʻzbekiston mehnat bozorida savdo sohasi, xususan onlayn savdo sohasida mutaxassislarga talab eng yuqori ekanligi maʼlum boʻldi.
Qishloq xoʻjaligi va sanoat sohasi mutaxassislari, xususan, qishloq xoʻjaligi va sanoat uskunalari mexanigi (1,7 foiz), qishloq xoʻjaligi va qurilish texnikasi mutaxassislari (1,4 foiz), traktor, buldozer, kombayn haydovchilari (1,4 foiz), agronomlar (1,3 foiz), kashtachi, tikuvchi va toʻquvchilarga ham talab yuqori (1,7 foiz).
Taʼlim muassasalarida xorijiy tillar (ingliz, nemis, koreys va boshqa chet tillar), matematika va IT oʻqituvchilariga (1,2 foiz) ham talab bor.
Hozirgi kunda davlat sektori va xususiy sektorga tegishli korxonalarda marketolog, IT dasturchilari, buxgalterlar, kadrlar bilan ishlash boʻyicha xodimlarga talab yuqori.
Shuningdek, malaka talab etilmaydigan farrosh, haydovchi va bogʻbonlarga ham talab yuqori ekanligi aniqlandi. Buni ular orasida qoʻnimsizlik darajasi yuqoriligi bilan izohlash mumkin.
Aytib oʻtish joizki, respublika miqyosida 172 turdagi mutaxassisliklarga talab bor, lekin hududlar kesimida ayrim turdagi mutaxassislarga talab umuman yoʻq.