Maqsad “oʻqituvchini sindirishmi?” – pedagoglar attestatsiya sinovlaridan yana norozi

Tahririyatimizga bir guruh oʻqituvchilar onlayn imtihon kech boshlangani, tizimda qotishlar yuzaga kelgani va savollar oʻta murakkab tuzilgani haqida bir necha murojaatlar kelib tushgan.

 

Unga koʻra, joriy yil oktyabr noyabr oylarida oʻtkazilayotgan attestatsiya imtihonlaridan, jumladan fizika, tarix va informatika fanlaridan boʻlgan testlarda ishtirok etgan qator oʻqituvchilar test sinovlari vaqtida tizimlarda qotishlar hamda savollarda murakkabliklar yuzaga kelganini bildirgan.

 

 

“31-oktyabr kuni fizika fanidan navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashdim va 72 ball oldim. Natijada oliy toifaga oʻta olmadim. Shuni aytib oʻtishim kerak-ki, men 15-yildan beri repetitorlik qilaman va attestatsiyada savollar qiyinchilik bilan ishlab chiqdim. Savollar ancha murakkab va baʼzilari xato tuzilgan, ayrimlari esa toʻliq emas”, — deydi fizika oʻqituvchisi.

 

Avvalroq, fizika va informatika fani oʻqituvchilari bilan ham shunga oʻxshash holat kuzatilgani haqida maʼlum qilishgan edi.

 

 

“29-oktyabr kuni informatika fanidan oʻtkazilgan attestatsiya jarayonida texnik uzilishlar sodir boʻldi. Test ishlab turgan jarayonimizda ham 3-marta uzilib qoldi, 11:00 da boshlanish kerak boʻlgan test esa 12:30 da boshlandi.

Biz test boshlanishini 2 yarim soat kutib oʻtirdik va buncha vaqt kutaverib ham ruhan, ham jismonan charchadik. Bu holatda qanday qilib test ishlash mumkin. Tizim bunchalik talabga javob bermas ekan, uni tashkil qilish kerak emasdi, menimcha.

Savollarning esa matematikadan farqi yoʻq, foizlar, trigonometrik funksiyalar ham bor. Savollar 1 yoki 1 yarim daqiqaga moʻljallangan boʻlishi kerak emasmi, baʼzi savollarni 5 daqiqada ham ishlab boʻlmaydi. Test tuzayotganda oz boʻlsada haqiqatga yaqinroq qilish kerak. Attestatsiyani bir yilda ikki marta emas, bir marta sifatli qilib oʻtkazish kerak.

Shu bir yil ichida ikkinchi marta shu ahvolga tushishimiz. Bahorgi attestatsiya ham kuzgi attestatsiya ham bir xil boʻldi. Vazirlik mutasaddi xodimlariga murojaatim: testni inson yechadi, kompyuter emas.

Shu hisobga olinishi kerak, informatika oʻqituvchilari kompyuter emas. Savollar spetsifikatsiyada berilgan roʻyxatdagi darsliklardan tayyorlanishini soʻrab qolaman va attestatsiyaga qayta topshirishga ruxsat berilishi kerak. Vaqt yetmayapti, tizim esa deyarli ishdan chiqqan. Bugun respublikadagi deyarli 98% pedagoglar testdan yiqilgan va bu ketishda ishlashga boʻlgan qiziqishimiz ham yoʻqoladi”, — deydi informatika fani oʻqituvchisi.

 

Maʼlumot uchun, 2023-yilning dekabrida Maktabgacha, umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlarining pedagoglariga malaka toifalari berishning yangi tartibi belgilanib, 2024-yilning 1-yanvaridan joriy qilingan.

 

 

Unga koʻra, malaka toifasini olish boʻyicha sinovlar bir yilda kamida bir marotaba ikki bosqichda oʻtkaziladi hamda birinchi bosqichda talabgorning mutaxassislik fani va kasb standarti boʻyicha bilim darajasi, ikkinchi bosqichda – pedagogik mahorati baholanadi.

 

 

“9-noyabrda tarix fanidan oʻtkazilgan attestatsiyadan norozimiz. Agar biz yechgan testlarni vazirlikdagilar ham ishlab, 60-70-80 ball olishsa, marhamat testdan rozi boʻlamiz va oʻta olishmasa testni qayta tashkillashtirishlarini soʻrab qolamiz. Attestatsiyadan maqsad «oʻqituvchini sindirish”-mi? Yoki “oʻqituvchiga gʻamxoʻrlik qilish”-?

2-toifaga, 1-toifaga, oliy toifaga ham bir xil test va bir xil 98-% murakkablashtirilgan testlar tashkil qilingan”, — deydi tarix fani oʻqituvchisi.

 

 

“Attestatsiya test sinovi bir kurashga aylanib qoldi. Bu kurashda hakam — Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi. Kurashga tushuvchilar esa maktab oʻqituvchilari.

Nazarimizda, tuzilgan savollar iloji boricha oʻqituvchilarni oʻtkazmaslik uchun tuzilganga oʻxshaydi. Shu tuzilgan testlarni vazirlikda ishlayotganlar ham, test markazidagi xodimlar ham ishlay olmaydi. Bu nima ziyolilarni ustidan kulishmi? Yo toifa bermaslik uchun qilingan harakatmi? Vaholanki, uzoq yillar taʼlimi sohasida ishlab orttirganimiz kasb kasalligi boʻldi. Bir yaxshiroq velosiped olib minishga qurbimiz yetmaydi. Oddiy taksist yoki traktorchi ham bizdan, yaʼni oʻqituvchilardan yaxshi yashaydi. Bu kasbning nomi ulugʻ suprasi quruq. Oʻqituvchining toifasi, uning ish faoliyatida koʻrinadi, yechgan testida emas. Shu testni tuzganlar oʻylab koʻrganmi? Aslida oʻqituvchining faoliyatini baholash mezonini qayta koʻrib chiqish kerak. Uning ish faoliyatini, oʻqitish samaradorligini koʻrib chiqqandan keyin baholash maqsadga muvofiq keladi. Bu mening shaxsiy fikrim. 42-yillik mehnat faoliyatiga egaman. 42-yillik faoliyatim davomida taʼlim sohasida hozirgiday nohaqlikni koʻrganim yoʻq Vazirlikning bundan maqsadi toifaga oʻtkazmaslikmi?”, — deydi oʻqituvchi.

 

Maʼlumotlarga koʻra, attestatsiyada tushadigan savollar Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi tomonidan tuzilgan.

 

Maʼlumot oʻrnida, pedagoglar olgan toifasiga qarab maosh to’lanishi belgilangan.

Add a Comment

Your email address will not be published.

Mavzuga oid​

Telegram kanalga a’zo bo’lgan holda yangiliklar to'g'ridan-to'g'ri xabardor bo’ling!

Hamkorlarimiz

По теме

Станьте участником Telegram-канала и будьте в курсе новостей напрямую!

Наши партнеры