O‘zbekiston ingliz tilini bilish darajasi eng past bo‘lgan mamlakatlar qatorida qolmoqda. Ayniqsa, 18-20 yoshli yoshlar orasida sust natijalar kuzatilgan bo‘lsa, 21-25 yoshli talabalarning til bilish darajasi sezilarli darajada yaxshilangani qayd etilgan.
EF Education First kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan EF English Proficiency Index 2024 global tadqiqotiga ko‘ra, bu yil O‘zbekiston o‘tgan yilga nisbatan beshta pog‘ona pastga tushib, 98-o‘rinni egalladi. Mamlakat bo‘yicha o‘rtacha ball 442 dan 439 gacha (maksimal ko‘rsatkich – 700) pasaydi, bu CEFR shkalasi bo‘yicha B1 darajasiga to‘g‘ri keladi.
Mamlakatning yirik shaharlarida eng yaxshi natijalar Andijon (461 ball), Toshkent (457 ball), Farg‘ona (456 ball), Buxoro (436 ball) va Samarqandda (431 ball) qayd etildi. Viloyatlar orasida Toshkent viloyati (463), Farg‘ona (458), Andijon (455), Navoiy (446) va Buxoro (438) yetakchilik qilmoqda. Eng past ko‘rsatkichlar Jizzax (384), Qashqadaryo (404) va Xorazm (405) viloyatlarida kuzatilgan.
EF Education First, shuningdek, ingliz tilini bilishning global darajasi pasayganini qayd etdi: mamlakatlarning 60 foizida ko‘rsatkichlar o‘tgan yilga nisbatan past bo‘ldi. 2024-yilgi reytingning eng yuqori pog‘onalarini Niderlandiya, Norvegiya va Singapur egalladi.
Tadqiqot mualliflarining fikricha, ko‘plab mamlakatlarda ingliz tilini ommaviy o‘zlashtirishga qiziqish susaygan, bu esa ko‘rsatkichlarning pasayishiga olib kelgan.
Ma’lumot o’rnida, EF Education First – 1965-yilda Shvetsiyada asos solingan xalqaro ta’lim kompaniyasi. Uning faoliyatining asosiy yo‘nalishi – chet tilini o‘qitishning akademik dasturlaridir. Reyting ularning tadqiqot markazi tomonidan ishlab chiqilgan va turli mamlakatlardagi katta yoshdagi fuqarolarning ingliz tili darajasini baholash imkonini beruvchi bepul EF SET testi natijalari asosida tuziladi. Ushbu test yordamida kompaniya 114 ta mamlakatda 2 milliondan ortiq odamni sinovdan o‘tkazgan hamda ushbu ma’lumotlar asosida turli mamlakatlar orasidagi ingliz tilini bilish darajasini ko‘rsatadigan global reyting tuziladi.