O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2024-yil 16 oktabrdagi 334-sonli buyrug‘iga asosan, Umumiy o‘rta ta’lim maktablari (maktab-internat) xodimlarining lavozim yo‘riqnomalari 43-ilovada belgilangan bo‘lib, ularda o‘qituvchining majburiyatlari ko‘rsatilgan. Shu jumladan, o‘qituvchiga o‘quvchilarni o‘z fani bo‘yicha fanlar olimpiadalariga, turli tanlovlar va musobaqalarga tayyorlash majburiyati yuklatilgan.
Agar o‘qituvchi o‘quvchini olimpiadaga tayyorlashda barcha zaruriy choralarni ko‘rgan bo‘lsa, ya’ni muntazam ravishda o‘quvchi bilan ishlagan, kerakli manbalarni taqdim etgan, ularni o‘rganishda yordam ko‘rsatgan va o‘quvchi bilan faol shug‘ullangan bo‘lsa, u holda o‘qituvchiga intizomiy jazo choralari qo‘llanilishi to‘g‘ri bo‘lmaydi.
Buning sababi, Mehnat kodeksining 313-moddasiga ko‘ra, intizomiy jazo chorasini qo‘llashda sodir etilgan xatolik yoki qilmishning og‘irlik darajasi, uning yuzaga kelgan holatlari va xodimning ilgari ko‘rsatgan xulq-atvori hisobga olinadi.
Shu bois, agar o‘qituvchi o‘zining majburiyatlarini bajargan bo‘lsa, ammo boshqa obyektiv sabablarga ko‘ra o‘quvchi olimpiadada yuqori natija ko‘rsata olmagan bo‘lsa, o‘qituvchiga nisbatan intizomiy choralar qo‘llash noto‘g‘ri deb hisoblanadi.