Pedagog xodimlarga uzaytirilgan mehnat ta’tillari Mehnat kodeksining 216-moddasiga muvofiq asosiy va qo‘shimcha ta’tillar sifatida belgilanadi. Bu kodeksning 217-moddasiga ko‘ra, har yilgi asosiy mehnat ta’tilining minimal davomiyligi 21 kalendar kunni tashkil qiladi. Shu bilan birga, 218 va 501-moddalar asosida pedagoglarga uzaytirilgan mehnat ta’tili taqdim etiladi.
2023-yil 26-iyundagi Vazirlar Mahkamasining 263-sonli qarori ilovasiga ko‘ra, davlat maktabgacha ta’lim muassasalarining o‘qituvchilari, o‘qituvchi-logopedlar, va o‘qituvchi-defektologlar uchun yillik uzaytirilgan ta’til 56 kalendar kunini tashkil etadi.
Agar xodim 12 oy davomida ishlamagan bo‘lsa, ta’til puli faqat ishlangan davrga ko‘ra hisoblanadi. Masalan, sentyabr oyida ishga kirgan xodimga 9 oy uchun ta’til puli beriladi. Mehnat kodeksining 233-moddasi har yilgi ta’til davrida xodimning o‘rtacha ish haqini saqlanishini kafolatlaydi, va bu hisob-kitob davri xodimning oxirgi 12 oylik daromadiga bog‘liq bo‘ladi (257-modda).
Xodim 12 oydan ortiq ishlagan bo‘lsa, uning o‘rtacha oylik ish haqi ta’tilga chiqishdan oldingi 12 oydagi barcha to‘lovlarning yig‘indisidan kelib chiqqan holda hisoblanadi. Agar 12 oydan kam muddat ishlagan bo‘lsa, ishlangan davr uchun to‘langan mablag‘ asosida o‘rtacha ish haqi hisoblanadi va shu miqdorda ta’til puli to‘lanadi.