Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2023-yil 16-avgustdagi 247-sonli buyrug‘iga binoan, maktablarga pedagog xodimlarni ishga qabul qilishda quyidagi talablarga rioya qilinishi lozim:
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi lavozimiga — boshlang‘ich ta’lim ixtisosligi bo‘yicha kamida o‘rta maxsus pedagogik ma’lumot yoki kamida bakalavr darajasidagi oliy ma’lumot va boshlang‘ich ta’lim ixtisosligi bo‘yicha dars berish huquqiga ega bo‘lish uchun kasbiy qayta tayyorlov kursini tamomlagan mutaxassislar;
Fan o‘qituvchisi lavozimiga — fan yo‘nalishiga mos kamida bakalavr darajasidagi oliy pedagogik ma’lumot yoki kamida bakalavr darajasidagi oliy ma’lumot va fan yo‘nalishiga muvofiq pedagogik faoliyat huquqiga ega bo‘lish uchun qayta tayyorlov kursini tamomlagan mutaxassislar.
Shuningdek, “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning (ro‘yxat raqami 3271) 15-bandiga muvofiq, o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog xodimlar ham tarifikatsiya asosida dars o‘tishi mumkin.
Shu sababli, direktor o‘rta maxsus ma’lumot tufayli xodimni ishdan bo‘shatishi mumkin emas, ammo dars taqsimotida dars soati kamroq ajratilishi ehtimoli mavjud.