Navoiy davlat universiteti tashkil etiladi – Prezident qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan, Navoiy davlat universiteti tashkil etiladi.

 

Qarorda keltirilishicha, Navoiy viloyatida iqtisodiyot tarmoqlarining o‘sish sur’atlari hamda hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidan kelib chiqib, aniq va tabiiy fanlar, axborot texnologiyalari, iqtisodiyot, turizm, qishloq xo‘jaligi kabi sohalar bo‘yicha yuqori malakali kadrlarga ehtiyoj ortib bormoqda.

 

Shundan kelib chiqib,  Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Navoiy viloyati hokimligining Navoiy davlat pedagogika instituti negizida Navoiy davlat universitetini tashkil etish belgilandi.

 

 

Qarorda quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilangan:

 

 

–  hududda soha va tarmoqlarning rivojlanish istiqbollarini hisobga olgan holda zamonaviy bilim va malakaga ega bo‘lgan ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha uzluksiz ta’lim tizimini yaratish;

 

–  zamonaviy o‘quv, ilmiy va IT-laboratoriya bazasini yaratish, ushbu laboratoriyalarni ilg‘or texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash hamda ilmiy-innovatsion tadqiqotlar transferini amalga oshirish;

 

–  talabalarni ilmiy-innovatsion faoliyatga keng jalb etish, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni rivojlantirishning dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ularning natijalarini joriy etish yuzasidan ilmiy va amaliy takliflar ishlab chiqish;

 

–  o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim standartlari, ilg‘or ta’lim texnologiyalari va usullarini joriy etish, shuningdek, talabalardamustaqil ta’lim olish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish;

 

–  yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari bilan akademik va ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, professor-o‘qituvchilarning xorijiy ilmiy-amaliy stajirovkasini tizimli yo‘lga qo‘yish;

 

–  talaba-yoshlarda ma’naviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, Vatanga muhabbat, uning taqdiriga daxldorlikkasbga sadoqat hissini mustahkamlash, ta’lim-tarbiya jarayoni hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish.

 

 

Shuningdek, Navoiy davlat pedagogika institutida tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishlarini Universitetda davom ettiradi hamda 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab bitiruvchi kurs talabalariga Universitet diplomi beriladi.

 

 

Universitetda 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab:

 

 

–  hududiy rivojlanish dasturlariga muvofiq ehtiyoj yuqori bo‘lgan aniq va tabiiy fanlar, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, iqtisodiyot, biznes va turizm, investitsiyalarni boshqarish, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, logistika kabi yo‘nalishlar bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi;

 

 

–  dars mashg‘ulotlarini amaliyot bilan birga tashkil etish maqsadida tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha ta’lim jarayoni dual ta’lim shaklida yo‘lga qo‘yilib, korxona va tashkilotlarda kafedra filiallari tashkil etiladi hamda ta’lim jarayoniga uzoq yillik mehnat tajribasiga ega amaliyotchi mutaxassislar jalb etiladi;

 

 

–  yangi tashkil etilgan ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha xorijiy davlatlar va respublikadagi yetakchi oliy ta’lim tashkilotlari bilan ikkita diplom berishga asoslangan qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi;

 

 

–  alohida guruhlarda bakalavriat va magistratura bosqichlarida ta’lim jarayoni xorijiy tillarda tashkil etiladi hamda ta’lim dasturlari bosqichma-bosqich xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazishga tayyorlanadi.

 

 

Jumladan, 2025-yil 1-yanvardan boshlab Universitetga akademik, tashkiliy-boshqaruv va moliyaviy mustaqillik beriladi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining (24.12. 2021-yil 60-son) hamda “Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–61-son qarorlarida belgilangan tartiblar Universitetga tatbiq etiladi.

 

 

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi “Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi bilan birgalikda ikki oy muddatda Universitet faoliyatini takomillashtirish va ta’lim sifatini ta’minlash maqsadida xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda Universitetda Transformatsiya markazini tashkil etadi.

 

 

Transformatsiya markazi quyidagi masalalar yuzasidan mas’ul hisoblanadi:

 

–  universitetning ta’lim dasturlarini xalqaro ta’lim standartlariga muvofiqlashtirish;

 

–  universitetni dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim tashkilotlari reytingiga kiritish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va ijrosini tashkil etish;

 

–  universitet ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish hamda Universitet diplomlarining xorijda tan olinishiga erishish;

 

–  ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish samaradorligini oshirish maqsadida Universitet o‘quv-uslubiy bo‘linma hamda dekanatlar shtatlarini maqbullashtirish hisobidan Registrator ofisi faoliyatini yo‘lga qo‘yish;

 

–  universitetning ta’lim, tadqiqot va axborot-kutubxona faoliyatlarini hamda boshqaruv jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish.

Add a Comment

Your email address will not be published.

Mavzuga oid​

Telegram kanalga a’zo bo’lgan holda yangiliklar to'g'ridan-to'g'ri xabardor bo’ling!

Hamkorlarimiz

По теме

Станьте участником Telegram-канала и будьте в курсе новостей напрямую!

Наши партнеры