2024-yilning 27-aprel kuni soat 23:30 atrofida Toshkent shahrida ikki yosh yigit – 18 va 20 yoshdagi talabalar – taksi haydovchisi Ch.A.ga hujum qilib, uning mashinasini olib qochishga urinishdi.
Talabalar Yandex mobil ilovasi orqali taksi chaqirib, haydovchini Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumani hududidagi ochiq maydonga yetkazishini so‘rashgan. Haydovchi belgilangan manzilga yetib borgach, mashinaning orqa o‘rindig‘ida o‘tirgan D.M. to‘satdan haydovchiga pichoq bilan hujum qilgan va uni bo‘g‘ishga uringan. Shu vaqtda Yangiyo‘l tumani IIB xodimlari tasodifan voqea joyidan o‘tib qolib, jinoyatchilarni qo‘lga olishgan.
Jabrlanuvchi Ch.A. suddagi ko‘rsatmasida yigitlarda uni o‘ldirish maqsadi bo‘lmaganini, chunki ularda buning uchun vaqt va imkoniyat bo‘lganini, lekin o‘ldirishga harakat qilmaganini bildirgan.
“D.M. va Z.M.ni mashinaga mindirib, M39 avtomobil yo‘li orqali 14 kilometr yurdim. So‘ngra ko‘rsatilgan lokatsiya bo‘yicha Yangiyo‘l tumani Chamanzor mahallasidan o‘ng tomonga ochiq dala ichiga taxminan 200 metr kirdim. O‘zaro suhbatda ular tanishi qulupnay terimiga chaqirganini, u hozir kelib yo‘lkira haqini berishini aytdi. Biroz vaqt o‘tgandan keyin orqa o‘rindiqda o‘tirgan D.M. kutilmaganda bo‘ynimga pichoq sanchib oldi. Eshikni ochib tushmoqchi bo‘ldim, lekin D.M. bo‘ynimdan bo‘g‘ib oldi va Z.M.ga urishni buyurdi. Keyin bilishimcha Z.M. tosh bilan urishi kerak bo‘lgan ekan, lekin u urmadi, faqat qo‘limdan ushlab o‘ziga tortdi.
Ko‘p qon yo‘qotganim uchun boshim aylanib, kuchsizlanib qoldim va qarshilik ko‘rsata olmadim. D.M. menga qarzi borligini, pulga muhtojligini, mashinani olib ketishi zarurligini aytdi. So‘ngra meni old yo‘lovchi o‘rindig‘iga o‘tkazib, bo‘ynimdan oqayotgan qonni artdi. Hatto kasalxonaga olib borishni taklif qildi.
Sudlanuvchilarda meni o‘ldirish maqsadi bo‘lmagan deb hisoblayman. Chunki ularda buning uchun vaqt va imkoniyat bo‘ldi, lekin o‘ldirishga harakat qilishmadi”, deya ma’lum qilgan haydovchi.
Sud hukmi bilan D.M. va Z.M. Jinoyat kodeksining 25, 267-moddasi 3-qismi “v” bandiga ko‘ra aybli deb topildi. D.M. jinoyat sodir qilgan paytda 18 yoshga to‘lmaganligi sababli 7 yil, Z.M. esa 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi oldi.