Joriy yilning 10-oktyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan 2024-yilning uchinchi choragida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan brifing tashkil etildi.
Unda Taʼlimni rivojlantirish markazi boʻlim boshligʻi Shavkat Xoʻjaqulov markaz tomonidan ushbu davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berdi.
Oʻtgan vaqt mobaynida markaz tomonidan The Physics Aviary platformasi resurslari toʻliq mahalliylashtirildi.
Xususan, platformadagi fizika faniga oid 615 ta virtual laboratoriya, topshiriq, vosita va taʼlim oʻyinlari oʻzbek tiliga tarjima qilish orqali mahalliylashtirildi.
Dars mashgʻulotlarini samarali va qiziqarli oʻtkazish uchun Phet, Kahoot, Nearpood, Online Test Pad, Plickers kabi platformalaridan foydalanish boʻyicha oʻzbek va rus tillarida 20 tadan ortiq video yoʻriqnomalar ishlab chiqilib, eʼlon qilinmoqda.
Shuningdek, markaz tomonidan 1-2-sinflarda Informatika va axborot texnologiyalari fanini oʻqitish boʻyicha oʻqituvchilar malakasini oshirish uchun 18 soatlik kurs va oʻquv-metodik resurslar ishlab chiqildi.
Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti bilan hamkorlikda 40 000 nafardan ortiq boshlangʻich sinf oʻqituvchilari oʻqitilmoqda. Bugungi kungacha 30 000 nafar oʻqituvchi mazkur kursni muvaffaqiyatli tugatib, sertifikat olishga muvaffaq boʻldi.
Pedagoglar uchun oʻzida zamonaviy pedagogik va raqamli texnologiyalarning imkoniyatlarini jamlagan “Innovatsion taʼlim texnologiyalari va vositalari” nomli oʻquv-metodik qoʻllanma ishlab chiqildi.
Formativ baholash jarayonini tashkil etish talablari aks etgan “4K koʻnikmalarini baholash rubrikalari” nomli oʻquv-uslubiy qoʻllanma nashr etildi hamda baholash nazariyasi va amaliyotiga doir “Taʼlimda baholash va monitoring asoslari” qoʻllanmasi tayyorlandi.
14 ta vazirlik, idora va ilmiy tadqiqot muassasalari hamda YUNISEF xalqaro tashkiloti tavsiya va takliflaridan kelib chiqib, xalqaro taʼlim atamalari asosida “Uzluksiz taʼlim tizimining izohli lugʻati” loyihasi ishlab chiqildi.
Markazning “Oʻzbekiston taʼlim tadqiqotlari” elektron jurnali 3 xil tilda ishga tushirildi va birinchi soni nashr qilindi.
Oʻqituvchilar uchun uzluksiz metodik yordam berish maqsadida “Baholash nazariyasi va amaliyoti”ga doir 15 qismdan iborat videodarslar eʼlon qilindi.
Kimyo fani oʻqituvchilariga metodik yordam koʻrsatish maqsadida darsliklarning mashq daftarlarida keltirib oʻtilgan laboratoriya va amaliy mashgʻulotlarga doir 26 ta videodars tayyorlandi.
Maʼlumki, Prezidentimizning 2024-yil 2-fevraldagi 54-sonli qaroriga asosan Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi 129-sonli umumtaʼlim maktabi Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markaziga biriktirilgan.
Ushbu maktabda taʼlim sifati va samardorligini oshirish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, maktabda zamonaviy “Robototexnika” xonasi tashkil etilib, zamonaviy jihozlar va Koreya granti asosida “Arduino” toʻplami hamda “PIBO” roboti bilan taʼminlandi.
Bu orqali oʻquvchilarga sunʼiy intellekt va robototexnika sohasida amaliy bilim olish imkoniyati yaratildi. 2024-yil avgust oyiga qadar oʻtkazilgan kurslarda 32 nafar oʻquvchi koreyalik mutaxassislardan sunʼiy intellekt va robototexnika boʻyicha bilim olib, sertifikatlarga ega boʻldi.
Helenik Mediterian universiteti hamda IMPACT hamkorligida yosh olimlarni ilmiy tadqiqot koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan 6 oylik onlayn seminar tashkil etildi.
Joriy yilning iyun oyida “Taʼlimda zamonaviy texnologiyalar: muammolar, yechimlar va istiqbollar” hamda avgust oyida “Mahoratli oʻqituvchi-malakali millat: uzluksiz kasbiy rivojlantirishdagi muammo va yechimlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil etildi.
Mazkur konferensiyalarda uzluksiz taʼlim tizimini yanada rivojlantirish hamda yangi metodikalarni amaliyotda qoʻllash yuzasidan qator tavsiyalar berildi.
Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti bilan hamkorlikda PISA 2025 tajriba-sinovdagi oʻquvchilarning ochiq savollarga bergan javoblarini kodlashtirish (baholash) boʻyicha trening jarayonlari tashkil etildi. Mazkur treningda oʻqish, matematika va tabiiy fanlar boʻyicha jami 48 nafar kodlovchi-mutaxassislar ishtirok etdi.
TIMSS 2023 tadqiqotida ishtirok etgan mamlakatlarning taʼlim tizimlari haqidagi axborotlarni jamlaydigan Ensiklopediya uchun Oʻzbekiston taʼlim tizimiga oid maʼlumotlar tayyorlandi.