Mamlakat elchixonasi koʻmagida Oʻzbekiston Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi vakillari hamda Harrow School’ning (Buyuk Britaniya) Osiyodagi xalqaro maktablari – AISL Harrow Schools’ning loyihalar boʻyicha direktori Deyzi Xo oʻrtasida onlayn muzokaralar tashkil etildi.
Muzokaralar yakunida joriy yilning 15-17-oktyabr kunlari Toshkent shahrida oʻtkaziladigan Markaziy Osiyo taʼlim forumida AISL Harrow Schools vakillarining ishtirokini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishilgan.
Maʼlumot uchun, 1572-yilda Britaniya qirolichasi Yelizaveta I tomonidan tashkil etilgan Harrow maktabi Iton kolleji kabi mamlakatdagi oʻquvchilarni dunyoning yetakchi oliygohlariga tayyorlab beradigan eng nufuzli bilim dargohi hisoblanadi. Ushbu taʼlim muassasasi koʻplab taniqli shaxslarga saboq bergan. Ular qatorida Britaniyaning sobiq bosh vaziri – Uinston Cherchill, Hindiston sobiq bosh vaziri Javaxarlal Neru, Qatar Amiri Tamim bin Hamad Ol Soniy kabi mashhur tarixiy shaxslar ham bor.
AISL Harrow Schools 1998-yilda tashkil etilgan boʻlib, u Harrow maktabining Osiyodagi xalqaro oʻquv dargohlarini boshqaradi. Hozirda uning Xitoy, Yaponiya va Taylandda 13 ta filiallari mavjud.