O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2026-yillarda maktab ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash” farmoni doirasida maktab ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan pedagoglar uchun ustama belgilashda milliy va xalqaro sertifikatlarning haqiqiyligini tasdiqlash tartibi belgilandi.
2024-yil 11-sentyabrda qabul qilingan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 301-sonli buyrug‘iga binoan, umumiy o‘rta ta’lim tizimidagi pedagoglar milliy va xalqaro sertifikatlar asosida ustamalarga ega bo‘lishlari mumkin. Shu bilan birga, bu sertifikatlarning haqiqiyligini aniqlash va tasdiqlash uchun maxsus ishchi guruhlar tashkil etildi.
Mazkur buyruqqa muvofiq, xalqaro va milliy sertifikatlarning haqiqiyligini avtomatik ravishda tekshirish tizimi joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Verifikatsiyani tashkil etish va o‘tkazish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
Talabgor o‘zi ishlayotgan maktabdagi mas’ul xodimga ERP tizimiga kiritishi uchun sertifikat aslini va ushbu sertifikat nusxasini taqdim etadi.
Maktab direktori yoki o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari tomonidan ushbu sertifikat nusxasini bir ish kuni ichida ERP tizimiga yuklaydi va haqiqiyligini tekshirish uchun hududiy boshqarma mas’uliga yuboradi.
Hududiy boshqarmalardagi mas’ul xodimlar: kiritilgan hujjatlarni belgilangan talablarga mosligini o‘rganadi.
Belgilangan talablarga mos bo‘lmagan sertifikatlarni tahrirlab maktab direktori yoki o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosariga qaytarib yuboradi.
Kiritilgan ma’lumotlar sertifikat nusxasiga mos va haqiqiyligi tasdiqlangandan so‘ng verifikatsiyani tasdiqlaydi.
Maktab direktori yoki oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari tomonidan maʼlumotlar notoʻgʻri kiritilganligi hududiy masʼul xodimlar tomonidan aniqlanganda, yuborilgan maʼlumotlar tahrirlash uchun qaytariladi.
Hududiy masʼul xodim tomonidan sertifikat tahrirlanib qaytarilganda, maktab direktori yoki oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari aniqlangan kamchilik va noaniqliklarni 3 kun muddatda toʻgʻrilab qayta hududiy masʼulga yuboradi.
Umumtaʼlim fanlari boʻyicha qoʻshma qarorda belgilangan minimal talablar toʻliq bajarilganda va masʼul ijrochi tomonidan ERP tizimida haqqoniyligi tasdiqlanganda sertifikat haqiqiy hisoblanadi.
Agar sertifikatni haqiqiyligini verifikatsiya orqali aniqlashning imkoni boʻlmasa, masʼul xodimlar sertifikatni haqiqiyligini tasdiqlash uchun masʼul vakolatli tashkilotga soʻrov yuboradi.
Yuborilgan soʻrovga 30 kun ichida javob kelmasa sertifikat haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Masʼul vakolatli tashkilot tomonidan 30 kunlik muddatdan soʻng sertifikatning haqiqiyligi toʻgʻrisida kechikib javob olingan taqdirda hududiy boshqarmalarning masʼul xodimi tomonidan ariza beruvchi qayta ariza berishi mumkinligi toʻgʻrisida ogohlantiriladi.
Maktab direktori yoki oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari har bir talabgor uchun bir nafardan ortiq sertifikat kiritilmasligini nazorat qiladi.
Bunda: sertifikatning ustama uchun amal qilish muddati tugashidan uch oy oldin talabgorni ogohlantiradi;
Talabgorlar ikki yoki undan ortiq umumtaʼlim fanlari boʻyicha sertifikatga ega boʻlgan hollarda yuqoriroq ustama toʻlash huquqini beruvchi sertifikat yuklanishi lozimligini nazorat qiladi;
Sertifikatni asl nusxasi mavjud emasligi aniqlangan hollarda, sertifikatni ERP tizimiga kiritilmasligini nazorat qiladi (sertifikatni asl nusxasi yuborilmaydigan sertifikat boʻlgan hollar bundan mustasno).
Sertifikatlar maktab direktori yoki o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari tomonidan ERP tizimiga yuklangandan keyin 15 kun mobaynida buyruq bilan tasdiqlangan mas’ul hududiy xodimlar tomonidan verifikatsiyadan o‘tkaziladi.